16:10 / 17.06.2019
37659

Senator: Ta'limdan Islomni sug‘urib oldik. Gyoteni o‘rgatdik, ammo Payg‘ambarimiz hadisini keltirishdan cho‘chidik

Oliy ta'lim va umuman ta'lim sohasida korrupsiya holatlarining urchishiga bu jarayondan Islom ta'limotlarini olib qo‘yish sababdir. Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov Xalqaro Press-klub tashkil etgan tadbirda oliy ta'lim, xalq ta'limi sohasidagi adolatsizlik va korrupsiya holatining tub ildizlariga doir fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

«Biz yuz yil oliy ta'limdan ham ta'limdan (xalq ta'limi-tahr.) ham Islomni sug‘urib oldik. Islom ma'naviyatini sug‘urib oldik. Halol bilan harom, to‘g‘ri yashashni sug‘urib oldik. Biz Gyoteni o‘rgatdik, lekin janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarini keltirishdan cho‘chidik. 

Mana kecha, (Oliy Majlis) Yuqori palata raisi va Korrupsiyaga qarshi respublika idoralararo komissiya raisi majlisda hadisdan iqtibos keltirdilar. Jinoyat kodeksining 210 va 211- moddalari sanksiyalari ham ayni hadisdan olingan. Kodeksda ham pora bergan va olgan uchun jazo tayinlangan. Biz bularni o‘rganmadik. Islom ma'rifatini faqat imom gapirsin dedik. Dunyoviy bilim olganlar gapirsa, unga boshqacha qaradik. (Oqibatda) nima bo‘ldi? 

Korrupsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, oliy ta'limda nafaqat korrupsiyaga yo‘l qo‘yildi, balki yosh, kelajak avlodga korrupsiya o‘rgatildi. Adolatsizlik o‘rgatildi. Oliy ta'limdagi muammolar...

Mana hozir binolar ko‘rsatildi. Men kechirim so‘rayman, ajdodlarimiz yarmigacha sho‘r bosib yotgan madrasalarda Qur'onni 9 yoshgacha yodlagan. Bularni tuzatsa bo‘ladi. Agar chiroyli binolar bilan allomalar chiqadigan bo‘lsa, bilasizmi, hozir qancha Termiziylar, Buxoriylar chiqar edi?! 

Ta'limning sifatiga adolatsizlik sabab. Birinchi kurs talabasi birinchi semestrda yaxshi o‘qiydi, ammo semestr yakunida adolatsizlikni ko‘rgach, 7 semestr o‘qimaydi. Nima uchun, tanish-bilish, ta'magirlik», - deya ta'kidladi Termiz Davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov. 

Top