Surxondaryoda bosh vazirning topshirig‘i nega bajarilmayapti?
Surxondaryo viloyati, Uzun tumani «Agromonitoring markazi» xodimlari Kun.uz tahririyatiga maktub yo‘llab, 21 059 981 (yigirma bir millon ellik to‘qqiz ming sakson bir) so‘mlik ish haqlari sakkiz oydan buyon to‘lab berilishi paysalga solinayotganiga jamoatchilik e'tiborini qaratishda yordam so‘ragan.
Maktubda bayon qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi, ATB «Agrobank» respublika boshqaruvi va «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati «Agromonitoring markazi» MChJ xodimlarining 2018 yil yil 1 apreligacha ish haqidan bo‘lgan qarzdorliklarni xatlovdan o‘tkazib, to‘liq to‘lab berilishini ta'minlashlari lozim bo‘lgan. Bu haqida 2018 yil 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisiligida o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishida tegishli topshiriqlar berilgan bo‘lsa-da, bayonnomaning 2.5-bandi ijrosini bajarish shu kunga qadar ortga surib kelinmoqda.
Jamiyat xodimlari (jami 5 nafar) O‘zbekiston prezidentining Xalq qabulxonasi, O‘zbekiston bosh vaziri, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston bosh prokurori, «O‘zpaxtasanoat» AJ, Surxondaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi, Surxondaryo viloyati prokuraturasi, Uzun tuman prokuraturasiga muammo yuzasidan yo‘llagan murojaatlari natijasiz qolmoqda.
Vaholanki, Moliya vazirligining javob xatida «Agromonitoring markazlari paxta tozalash korxonalari, don mahsulot korxonalari, neft korxonalari «O‘zagrolizing» AJ va «O‘zagroservis» AJ tizimi korxonalari ta'sischiligida tashkil etilganini hisobga olib, Moliya vazirligi, «O‘zpaxtasanoat» aksionerlik jamiyatidan «Agromonitoring markazi» MChJning ish haqidan bo‘lgan qarzdorligini to‘lab berish choralarini ko‘rish so‘ralgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan aniqlik kiritilishicha, Uzun tumani «Agromonitoring markazi» MChJ AT «Agrobank» Uzun tuman filialida 2017 yil 2 martda hisob raqamini ochib o‘z faoliyatini yurita boshlagan. 2017 yil davomida Uzun tumani «Agromonitoring markazi» MChJning hisob raqamiga jami
29,1 mln so‘m mablag‘ kelib tushgan. Shundan fermer xo‘jaliklarining imtiyozli kredit resurs mablag‘lari hisobidan 20,9 mln, «O‘ZGAZLIZING» AJdan 3,7 mln, «Termiz neft» UKdan 2 mln so‘m, Uzun tuman MTPdan 2,5 mln so‘m pul mablag‘lari ustav fondini shakllantirish uchun tushgan. Biroq, ish haqini undirishga oid biror amaliy choralar ko‘rilmagan.
Ma'lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyati Moliya boshqarmasi, viloyat «Agrobank» ATB va viloyat «O‘zpaxtasanoat» AJga bosh vazir tomonidan 2018 yil 17 aprelda tasdiqlangan bayonnomani ijro qilish uchun tegishliligi bo‘yicha respublika idoralari tomonidan biror ko‘rsatma yoki topshiriq berilmagan. Shu sababli, «Agromonitoring markazi» MChJning ish haqidan qarzdorligini bartaraf etish choralari ko‘rilmay qolgan.
Shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari va Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hisob-kitob jamg‘armasi direktori tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalariga 2017 yil paxta hosilining 1 tonnasini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘larining eng kam miqdori yuzasidan tasdiqlangan tavsiyada fevral oyidan avgust oyigacha «Agromonitoring markaz» MChJning ko‘rsatgan xizmatlari uchun 1 tonna paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarining foizi ajratilishi ko‘rsatilgan.
Biroq, 2018 yil uchun ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘larining eng ko‘p miqdori yuzasidan tavsiyada «Agromonitoring markaz» MChJga ajratiladigan ulush ko‘rsatilmagani natijasida ish haqi berilmasdan qolgan.
Surxondaryo viloyati, Uzun tuman prokuraturasining javob xatida ham aniqlangan holatlarga ko‘ra, bosh vazir tomonidan tasdiqlangan bayonnoma ijrosini bajarish mas'ul idoralar tomonidan amalga oshirilmay, ish haqidan mavjud bo‘lgan qarzdorlik bo‘yicha mablag‘lar «Agromonitoring markazi» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berilmagani, shu bois jamiyatning ishchi-xizmatchilari ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari bugunga qadar to‘lab berilmagani aytilgan.
Qo‘limizdagi murojaatga «Agromonitoring markaz» ishchi xodimlarining hisoblangan ish haqi to‘g‘risidagi (2018 yil mart oyidagi) hisoboti va monitoring markazi MChJning shtat jadvali (2017 yil 17 fevraldagi) ham ilova qilingan.
Yuqorida bayon etilgan holatlardan kelib chiqib, tez orada «Agromonitoring markaz» xodimlarining ish haqlari mas'ullar tomonidan undirib berilishi, bosh vazir tomonidan tasdiqlangan bayonnomaning tegishli bandida ko‘rsatilgan talablar qonun doirasida bajarilishiga umid qilamiz.
M.Eshmirzayeva.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024