O‘zbekiston | 22:38 / 12.01.2023
34272
3 daqiqa o‘qiladi

«Ikki kun turib berishimiz kerak». Ortiqxo‘jayev Toshkentda gaz keskin pasayishi haqida gapirdi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mas’ul rahbarlarga murojaatida ulardan «ikki kun turib berish»ni so‘radi, yo‘qsa «hamma bir tiyinga yaramas hokimlar» bo‘lib qolishini aytdi. Gaz zapravkalar yopiladi, korxonalar elektr va gazdan uziladi.

Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz bosimi keskin pasayishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tuman hokimlari va sektor rahbarlariga qilgan audiomurojaatida aytiladi.

«Gaz [bosimi] keskin tushadi. Nafaqat Toshkentda, balki hududlarda ham tushishi kutilyapti. Shu sababli hamma gaz zapravkalarni o‘chiramiz, faqat 4 tasi qoladi, kommunal xizmatlar uchun. Shahar transporti gazdan solyarkaga o‘tadi, [iste’molni] keskin qisqartirishimiz kerak bo‘ladi.

Butun fabrika va zavodlar, egasi kim bo‘lishidan, qanday odam bo‘lishidan qat’i nazar elektrdan ham, gazdan ham uzishga majburmiz», degan shahar hokimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda bugun ko‘cha chiroqlari va LED-ekranlar o‘chiriladi. «Shahardagi maxsus ko‘chadan tashqari barcha ko‘chalarda yoritkichlarni o‘chirishga majburmiz. Jiddiy qaraymiz», degan u.

«Ikki kun shunaqa vaziyat. Bunday vaziyatda fuqarolarimiz holidan xabar olib, issiq ovqat bilan yordam berishimiz kerak. Bugun 52 ta to‘yxona bilan gaplashildi, haqi berildi. Bugundan boshlab ular 50−100 kilogrammdan osh tarqatishadi. Hamma kirib yeyishi mumkin, tog‘orachasida uyiga olib ketishi mumkin», — degan u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev rahbarlardan «qanday qilib bo‘lsa ham ikki kun turib berish»ni so‘ragan.

«O‘zlaringiz ham yonlaringizda issiq ovqat qilasizlarmi, boshqa qilasizlarmi, yonlaringdan xarajat qilinglar, deb aytmayman. Kimda qanday xarajat kerak bo‘lsa, mendan emas, mening yordamchilarimdan kelib pulini olinglar, naqd olinglar, lekin bu narsani qilinglar. Pul topolmasdan, mendan so‘ramasdan e’tiborsizlik qilsangizlar, juda ko‘nglimni og‘ritadi… Hozir pulni sanab o‘tiradigan vaziyat emas, butun shaharda fuqarolarning ko‘nglini iloji boricha ko‘tarib, issiq ovqat bilan ta’minlab, muammolarini hal qilib, hamma tik oyoqda turadigan vaziyat…», — degan hokim.

Shahar hokimi gaz bosimi pasayishi tufayli aholi orasida norozilik ortishi mumkinligini tan olib, shuning uchun salbiy holatlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rish kerakligini ta’kidlagan.

«Biz barchamiz bu ikki kunda oyoqda bo‘lishimiz kerak… Agar biz bugun turib bera olmasak, ertaga kech bo‘ladi… Biz davlatga bugun kerakmiz. Agar biz buni qila olmasak, xalq [ko‘z o‘ngida] bir tiyinga yaramas hokimlar, bir tiyinga yaramas sektor rahbarlari, boshqarma boshliqlari bo‘lamiz», — deya qayd etgan Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Mavzuga oid