Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) PISA-2025 xalqaro baholash dasturi natijalarini eʼlon qildi.

Unda Oʻzbekiston oʻquvchilari tabiiy fanlar yoʻnalishida 438 ball toʻplab, 91 ta davlat va taʼlim tizimi orasida 48-oʻrinni egalladi.

438 ball – tabiiy fanlar yoʻnalishidagi oʻrtacha ball (482 ball)dan past, ammo Oʻzbekistonning 2022-yilgi natijasidan sezilarli yuqori.

Oʻzbekiston 2022-yilda, ushbu xalqaro tadqiqotdagi ilk ishtirokida tabiiy fanlar boʻyicha 355 ball bilan 80-oʻrinni qayd etgandi. 2025-yilgi natija qariyb 83 ballga oshgan.

Tabiiy fanlarda bazaviy daraja va undan yuqori natija koʻrsatgan oʻzbekistonlik oʻquvchilar ulushi 2022-yilda 19 foiz boʻlgan boʻlsa, 2025-yilda 65 foizga yetgan. PISA-2025 tadqiqotida bazaviy daraja ikkinchi daraja boʻlib, oʻquvchining kundalik hayotda zarur boʻlgan asosiy bilim va koʻnikmalarni qoʻllay olishini anglatadi.

“Raqamli dunyoda oʻrganish” yoʻnalishida esa Oʻzbekiston oʻquvchilari 402,4 ball qayd etib, 91 ta mamlakat va taʼlim tizimi orasida 72-oʻrinni egalladi.

Oʻzbekistonda PISA tadqiqoti. 2025-yil, may / Foto: Maktab vazirligi

Oʻzbekistonlik oʻquvchilarning matematika va oʻqish savodxonligi boʻyicha natijalari yuzasidan qoʻshimcha tahlillar olib borilmoqda.

“Oʻzbekiston boʻyicha matematika va oʻqish savodxonligiga oid javoblar maʼlumotlarida qoʻshimcha oʻrganishni talab qiladigan bir qator nomutanosibliklar aniqlandi. Bu nomutanosibliklar ayrim maktablar va hududlarda koʻproq uchraydi hamda mazkur javoblar maʼlumotlari asosida hisoblangan shkala ballarini boshqa mamlakatlar natijalari va turli yillardagi koʻrsatkichlar bilan taqqoslash imkoniyatini cheklaydi.

Boshqa yoʻnalishlar – “tabiiy fanlar” va “raqamli dunyoda oʻrganish” boʻyicha javoblar maʼlumotlarida bunday muammolar kuzatilmagan va ulardan natijalarni eʼlon qilishda foydalanish mumkin”, – deyiladi IHTT eʼlon qilgan PISA-2025 hisobotida.