Yashnobod tumanida giyohvandlik vositalari ta’sirida 3 yoshli bolani vahshiylarcha pichoqlab o‘ldirgan shaxs ustidan sud yakunlandi. 31 yoshli shaxs 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Qotil tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida o‘zi bilan yashab kelgan ayolning 3 yashar o‘g‘lini vahshiylarcha o‘ldirgan S.M.ga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda sud Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Hukmga ko‘ra, 31 yoshli S.M. Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi bilan aybdor deb topilgan. Xususan:

  • 97-modda 2-qismi «v», «j» bandlari — ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish;
  • 25-modda orqali 97-moddaning 2-qismi «b», «g», «j», «r» bandlari — homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni, o‘z fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yaqin qarindoshlarini, o‘ta shafqatsizlik bilan, xavfli retsidivist tomonidan o‘ldirishga suiqasd qilish (qotil bolaning onasiga nisbatan ham jinoyat sodir qilgan);
  • 219-modda 2-qismi — fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsni fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish;
  • 251-1-moddasi 3-qismi — giyohvandlik va psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, .... saqlash jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 50-moddasi 9-qismiga asosan, sudlanuvchi tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.