Yopiqlikka intilish. O‘zbekiston asosiy moliyaviy hisobotlarini davriy ochiqlashni to‘xtatdi
“Supervazirlik” deb ta’riflanayotgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi aniq, to‘liq va kengaytirilgan bir qancha hisobotlarni davriy ravishda berib borishni to‘xtatib qo‘ydi. Davlat tashqi qarzi, budjet xarajatlari va daromadlari haqidagi eng muhim ma’lumotlar e’lon qilinmayapti.

Foto: Getty Images
Oxirgi yillarda davlat tashkilotlari axborot siyosatida ochiqlik sari qadam qo‘yilib, jamoatchilik bilan muloqotga kirishish boshlangandi. Xususan, budjet va davlat xarajatlari ochiqlanishi soliq to‘lovchilarga savollar berish hamda hukumat uchun noqulay masalalarni kun tartibiga chiqarish imkonini berdi.
Umuman olganda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har bir ishlatilgan mablag‘ bo‘yicha jamoatchilik oldida aniq, to‘liq va kengaytirilgan hisobotni davriy ravishda berib borishga majbur. Ammo 2022 yil oxirida o‘tkazilgan adminreformadan keyin, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Moliya vazirliklari negizida tashkil etilib, “supervazirlik” maqomini olgan Iqtisodiyot va moliya vazirligida ochiqlik va hisobdorlik ishlari orqaga ketyapti.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, joriy yildan davlat xarajatlari tarkibi va mundarijasi bo‘yicha ma’lumot berish cheklangan.
“2022 yil tugaganiga 5 oydan oshdi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022 yil yakunlari bo‘yicha ijrosi yuzasidan parlamentga hisob berilgani yo‘q. Balki Senat va Qonunchilik palatasining o‘zi so‘rab, talab qilib olar?
2023 yil I choragi tugaganiga 2 oydan oshdi. Parlamentga hisobot berilgani yo‘q. Yanvar, fevral va mart oyida soliq tushumlari to‘g‘risidagi chala-chulpa, yarim yashirin ma’lumot berishdan keyin, shuyam to‘xtab qoldi. Xarajatlar tarkibi va mundarijasi to‘g‘risida, defitsit haqida-ku hech qanday ma’lumot yo‘q”, deydi iqtisodchi.
Vazirlik 12 yanvardan beri budjet xarajat va daromadlari haqidagi kunlik ma’lumotlarni ham ochiqlashni to‘xtatib qo‘ydi. Bu doimiy ravishda e’lon qilib boriladigan ma’lumotlar ro‘yxati, ularni davriy chop etishning aniq sanalari (iqtisodiy kalendari) ishlab chiqilayotgani bilan izohlagandi. Biroq oradan 5 oy muddat o‘tgan bo‘lsa-da, 2019 yildan beri jamoatchilikka taqdim qilib kelinayotgan ushbu ma’lumotlarni ochiqlash qayta tiklangani yo‘q va bu borada qo‘shimcha ma’lumotlar ham berilmadi.
Bundan tashqari, Moliya vazirligi 2019 yildan boshlab hisoblaganda Davlat qarzi bo‘yicha ma’lumotlarni yil yakuni bo‘yicha fevral oyida, birinchi chorak yakuni bo‘yicha esa may oyida taqdim etib kelardi.
“Iyunning birinchi o‘n kunligi yakunlanmoqdaki, na 2022 yil kunlari bo‘yicha va na 2023 yil birinchi choragi bo‘yicha Davlat qarzi holati va dinamikasi hisoboti ochiqlandi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ichki qarz jamg‘arilishi keskin oshmoqda, tashqi qarzning esa tarkibi va mundarijasi o‘zgarmoqda. Qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining davlat budjetiga yuki ortib bormoqda”, deya yozadi Otabek Bakirov.
Jumladan, davlat tashqi qarzi bo‘yicha oxirgi hisobot 2022 yilning III chorak yakunlari bo‘yicha e’lon qilingandi va unda O‘zbekiston davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etishi keltirib o‘tilgandi. Mart oyining oxirida o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Dilshod Sultonov davlat qarzi va budjet taqchilligi bilan bog‘liq savollarga javob qaytarish jarayonida, 2023 yilning 1 yanvar holatida O‘zbekiston davlat qarzi 29,2 mlrd dollarga yetganini ma’lum qildi. O‘tgan yilning oxirgi choragi davomida qariyb 3 mlrd dollar miqdoridagi tashqi qarz mablag‘lari kimdan va qanday shartlar bilan jalb qilingani haqidagi hisobot esa jamoatchilikka ochiqlangani yo‘q.
Rasmiy va aniq axborot yo‘q joyda turli shubha-gumonlar paydo bo‘ladi. Munosabat berilmasdan, sirligicha qoldirilmoqchi bo‘lgan ma’lumotlar unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiraveradi. Masalan, banklarda ta’lim kreditlari berish vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga sabab sifatida banklarga resurs ajratilmayotgani keltirib o‘tilgan. E’tiborga molik jihati, 2023 yil budjeti bo‘yicha ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi orqali ta’lim kreditini moliyalashtirishga 1,7 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu 2022 yilga nisbatan deyarli ikki barobarga ko‘p. Nega unda resurs bilan muammo bo‘lmoqda, degan savolga esa javob olishning imkoni yo‘q. Chunki Iqtisodiyot va moliya vazirligi budjet mundarijasi va ijrosi bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim qilishni joiz deb hisoblamayapti.
O‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar ularning hisobidan shakllantiriladigan budjet to‘g‘risida batafsil, ochiq va shaffof ma’lumotlarni olishga, o‘rganishga to‘la-to‘kis haqli. Yangilangan Konstitutsiyada ham hukumat zimmasiga ochiqlik va samaradorlikni ta’minlash vazifasi yuklatildi. Ya’ni vazirlik va idoralar ochiq, shaffof, qonuniy va effektiv ishlashi kerakligi konstitutsiyaviy talabga aylandi. Davlat budjetini shakllantirish, uning daromad va xarajat qismlarini belgilashda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish normalari kiritildi.
Mamlakatdagi katta ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar ochiqlik, oshkoralik, xalq oldida hisobdorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga asoslanayotgan davrda Iqtisodiyot va moliya vazirligining yopilib olishga urinayotgani islohotlarni obro‘sizlantirishdan boshqa narsa emas.
Daromad va xarajatlari yopiq, na parlamentga, na jamoatchilikka hisobdor bo‘lgan bunday vazirlik va uning yopiqlik siyosati ishonchsizlikni kuchaytirib, e’tirozlarni ko‘paytiraveradi.
Doston Ahrorov
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50 / 30.04.2025
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37 / 30.04.2025
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kiyev va Vashington Ukrainani tiklash uchun investitsiya fondi tuzmoqda
Jahon | 09:01
-
UNRWA: G‘azoda dori-darmon tugayapti, falastinliklar davolanish imkonidan mahrum
Jahon | 08:18
-
AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzoladi
Jahon | 07:48
-
Toshkentdagi texnopark hududida yong‘in kelib chiqdi
Jamiyat | 07:39
Mavzuga oid

21:57 / 26.04.2025
2024 yilning eng ochiq va eng yopiq davlat tashkilotlari ma’lum qilindi

20:44 / 17.04.2025
Tashqi qarz miqdori: xalqaro tavsiyalar va joriy vaziyat qanday?

16:36 / 29.03.2025
Oxirgi 5 yilda korporativ tashqi qarz miqdori 2,4 barobarga oshgan – Markaziy bank hisoboti

17:32 / 04.03.2025