Joriy yilning 1 oktabr holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Dastlabki III chorak davomida global inflatsiya sabab jahonda foiz stavkalari oshib ketgani O‘zbekiston hukumatining avvalgi yillardagi kabi faol qarz olishini cheklab qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, oxirgi chorakda budjet taqchilligini qoplash uchun katta miqdorda qarz mablag‘lari jalb qilinib, yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 29,2 mlrd dollargacha oshgan bo‘lishi mumkin.
Moliya vazirligi 2022 yilning III chorak yakunlari bo‘yicha tashqi qarz holati va dinamikasi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, davlat qarzi 2022 yilning 1 oktabr holatiga 26,2 mlrd dollarni (shundan davlat tashqi qarzi – 23,16 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 3,07 mlrd dollar) tashkil etgan.
Xususan, davlat qarzining YaIMga nisbati 2021 yil boshida 39 foizni (2021 yil yakunida – 38 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 1 oktabr holatiga 34,1 foizgacha pasaygan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro valuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bugungi kunda «mo‘’tadil» darajada hisoblanadi.
«2022 yilning boshidan buyon davlat tashqi qarzi qoldig‘i (AQSh dollari ekv.) 1,7 foizga kamaydi. Bunda, davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 823 mln AQSh dollari miqdoridagi davlat tashqi qarzi so‘ndirildi», - deyiladi hisobotda.
Joriy yil uchun davlat nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar miqdorida belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmiga ham cheklov o‘rnatilgan. Xususan, o‘tgan 9 oy davomida yangi imzolangan davlat tashqi qarz bitimlarining hajmi 2,1 mlrd dollarni hamda davlat budjetini moliyalashtirish uchun chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi 6,7 trln so‘mni tashkil etgan.
2022 yil III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 28,4 foizi yoki 6,6 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 12,6 foizi yoki 2,9 mlrd dollari energetika sanoatiga, 11,5 foizi yoki 2,7 mlrd dollari elektroenergetika sanoatiga, 10,4 foizi yoki 2,4 mlrd dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,6 foizi yoki 2,5 mlrd dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,5 foizi yoki 2,2 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelgan.












