O‘zbekiston | 17:51 / 14.02.2020
111223
3 daqiqa o‘qiladi

9 yoshidan bozorda ishlab, mashina yuvgan bola bugun katta biznes egasi – «1%»da Jahongir Po‘latov

Kun.uz va O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi o‘zaro hamkorlikda «1%» nomli yangi loyihaga qo‘l urdi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – muvaffaqiyatli va iqtidorli insonlar bilan ochiq suhbatlar uyushtirib, tomoshabinlarga qiziqarli va foydali ma'lumotlar yetkazish.

Loyihaning birinchi mehmoni – «Cambridge learning center» o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi, 25 yoshdagi muvaffaqiyatli tadbirkor Jahongir Po‘latov bo‘ldi.

O‘rtahol oilada tug‘ilib o‘sgan Po‘latov yoshligidan o‘z oldiga maqsad qo‘yib, unga erishishga intilgan. Ishlashni 9 yoshidan, Toshkentdagi «Farhod» bozorida choy sotishdan boshlagan, keyinchalik 3 yil davomida mashina yuvishni o‘ziga kasb qilgan. Avtohalokatga uchrab, o‘mrov suyagi singanidan so‘ng esa, boshqa ishga o‘tishga majbur bo‘lgan.

Turli joylarda o‘zini sinab ko‘rgan Po‘latov oxir-oqibat ingliz tilini o‘rganib, 17 yoshidan dars bera boshlagan. Avvaliga uyma-uy yurib dars bergan Po‘latov keyinchalik o‘z o‘quv markazini ochishga qaror qilgan.

Shunday qilib, u 2014 yilda «Cambridge learning center» o‘quv markaziga asos solgan. Yaqin vaqt ichida markazning poytaxtdagi filiallari soni 7taga yetishi reja qilingan.

Po‘latovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili yana ikkita – «Get Coffee» va «Hope» loyihalarini ham ishga tushiribdi. «Get Coffee» – kofe shoxobchasi bo‘lsa, «Hope» – xayriya fondi ekan. «Cambridge learning center» o‘quvchilari to‘layotgan pulning ma'lum bir miqdori ana shu xayriya fondiga yo‘naltirilar ekan.

Qahramonimiz 4 marotaba davlat OTMlariga kirish uchun imtihon topshirgan, lekin kira olmagan. So‘ng Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universitetiga topshirib, birinchi urinishdayoq talaba bo‘lgan.

Jahongir Po‘latov o‘zining professional tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlab, moddiy tarafdan qiynalayotgan vaqtlarida hayotidagi eng og‘ir damlari boshlanadi. Otasidan judo bo‘lib, oilada yagona boquvchiga aylangan...

Intervyuda suhbatdosh bu qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tib, muvaffaqiyatga erishgani, 2019 yilda gelendvagen rusumli mashina olishni ko‘pchilikka va'da qilib, lekin olmagani haqida gapirib berdi. Bundan tashqari, bir million dollar, biznes, xayriya, motivatsiya, Ilon Mask, kofe, go‘shtli gamburger va to‘yi haqida ham gaplashdik.

To‘liq suhbatni yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid