Jamiyat | 14:33 / 13.08.2020
18984
3 daqiqa o‘qiladi

Masjidlarda juma, shanba va yakshanba kunlari ham jamoat namozlari o‘qiladi. Hozircha juma namozi istisno

Foto: muslim.uz

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 17 avgustdan diniy tashkilotlar faoliyatiga ruxsat beriladi. Shu bilan birgalikda, masjidlarda hozircha juma namozlari o‘qilmasligi haqida Kun.uz xabar qilgan edi.

Komissiya axborotida «17 avgustdan diniy tashkilotlar faoliyatiga (har kuni dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda qat'iy ijtimoiy masofani saqlash cheklovlariga rioya etilishini ta'minlagan holda) ruxsat beriladi. Bunda, diniy tashkilotlarda juma va shanba-yakshanbalik diniy xizmatlarni vaqtinchalik amalga oshirmaslik talab etiladi», - deya ta'kidlangandi.

Yuqoridagi matnda qayd etilgan «juma, shanba va yakshanbalik diniy xizmatlar» degan qismi aholining ayrim qatlamida tushunmovchilikka sabab bo‘ldi hamda ularda «juma, shanba va yakshanba kunlari masjidlar ishlamas ekan, boshqa kunlari ishlar ekan» degan savollar paydo bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ushbu anglashilmovchilikka oydinlik kirituvchi bayonotini e'lon qildi.

Unda ta'kidlanishicha, «2020 yil 17 avgust kuni bomdod namozidan boshlab, yurtimizdagi barcha 2070ta jome masjidi eshiklari mo‘min-musulmonlarga ochiladi.

Ta'kidlaymizki, ayrim sayt va ijtimoiy tarmoqlarda masjidlar haftada to‘rt kun ishlaydi, juma, shanba va yakshanba kunlari esa faoliyat ko‘rsatmasligi haqidagi xabarlar anglashilmovchilik oqibatidir.

Masjidlar haftada har kuni o‘z ish faoliyatini olib boradi, faqat juma namozi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar vaqtincha ado etilmay turadi. Duoyu-tazarrularda bardavom bo‘lib tursak, bu fayzli ibodatga ham Alloh taolo nasib etadi», - deyiladi munosabatda.

Bundan tashqari, Komissiya qarorida shanba va yakshanba kungi diniy xizmatlarga alohida qayd etilganining sababi shundaki, odatda, haftaning shu kunlarida O‘zbekistondagi cherkovlar va sinagoglarda ham diniy jamoatlar to‘plangan holda diniy ibodatlar amalga oshiriladi. Qaror bilan hozircha ushbu jamoaviy ibodatlar ham o‘tkazilmasligi ma'lum qilingan. 

Mavzuga oid