Bugun, 12 iyul kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Cristal supermarketida yirik yong‘in yuz berdi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ushbu hodisa haqida rasman xabar berdi.
«Bugun, 12 iyul kuni taxminan soat 13:47 da Toshkent shahar IIBB YoXBga Yunusobod tumani Yunus ota ko‘chasida joylashgan «Kristall» supermarketining 4-qavatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi. Ma'lumotga ko‘ra, binoning faqat 1-qavati ishlayotgan bo‘lgan.
Voqea joyiga 5 daqiqada birinchi yordamchi kuchlar yetib keldi, jami bo‘lib 6ta jangovar maxsus o‘t o‘chirish mashinasi va ikkita yong‘in narvonlaridan foydalanildi. Soat 14:11da yong‘in jilovlandi va soat 14:18da butunlay bartaraf etildi. Yong‘in xavfsizligi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida olov binoning boshqa qavatlariga tarqalmadi va hech kim jarohatlanmadi. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi xabarda.