Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida ta'lim tizimidagi muhim maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Maktabgacha ta'lim

Davlat rahbari bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda 60 foizga yetkazish kerakligini aytdi. Hozirda bu ko‘rsatkich 52 foizga teng (2016 yilda 24 foiz edi).

«Bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi.

Bunga budjetdan 130 milliard so‘m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umumiy o‘rta ta'lim

2020 yilda 55ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141taga yetkaziladi.

Shuningdek, joriy yilda budjetdan mablag‘lari hisobiga 36ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital ta'mirlanadi. 

«Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga, yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etamiz», – dedi prezident.

Qayd etilishicha, 2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun 348ta tayanch maktabni belgilab, 6 mingdan ortiq o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi.

O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, joriy o‘quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta'lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340ta kasb-hunar maktabi, 147ta kollej va 143ta texnikum tashkil etiladi.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida, Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi.

Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Oliy ta'lim

Maktab bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi hozir 20 foizga teng bo‘lsa, 2020 yilda kamida 25 foizga, kelgusida esa 50-60 foizga yetkaziladi.

Oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobarga ko‘paytiriladi, qizlar uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Ushbu grantlar asosida o‘qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini Xotin-qizlar qo‘mitasi ishlab chiqishi kerak.