17:44 / 15.04.2021
16867

«Avtoshohbekat bozorga aylangan» - Bo‘stondagi yoymachilar muammosi

Andijon viloyati Bo‘ston tumani markazida joylashgan Markaziy dehqon bozori va avtoshohbekat joylashgan hududga juma kuni yaqinlashishning iloji bo‘lmay qoladi. Shu kuni tumanning turli hududlaridan minglab kishilar bozorga keladi. Bu yerdagi tadbirkorlar bir muammodan qiynalmoqda. Avtoshohbekat bozorga aylanib qolgan. Mashinalar kira olmaydi.

Kun.uz muxbiri bir guruh sotuvchilar murojaatiga binoan Bo‘ston tumaniga bordi. Tuman Markaziy dehqon bozorida yaqin yillarda qurilgan, ammo huvillab yotgan do‘konlar ko‘p.

Bozorda savdo-sotiq qilish uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Ammo do‘konlarning aksariyati o‘z sotuvchisiga ega emas, ishlab turganida ham xaridorlar deyarli yo‘q.

Sotuvchilardan biri ushbu holatni xaridorlar avtoshohbekatdan qaytib ketishi bilan izohladi.

«Bu yerda ochilganidan beri savdo qilamiz. Xaridorlar deyarli kirmaydi. Sababi — odamlar kerakli narsani avtovokzaldagi yoymachilardan olib ketaveradi. Biz esa oyiga ijaraga pul to‘laymiz, soliq to‘laymiz. Bozorimiz ikkiga bo‘linib ketgan. Hokimiyatga va soliq bo‘limiga murojaat qilganmiz. Sharoit yaratib berilsa ham ular kirmayapti, tashqarida savdo qilishmoqda», — deydi tadbirkor Ra'no Jalilova.

Ma'lum bo‘lishicha, bozor hududidagi 139ta do‘kondan 60tasi bo‘sh, 200ta rastaning esa 160tasi o‘z egalarini kutmoqda.

Avtobus, mikroavtobus hamda taksilar uchun mo‘ljallangan shohbekatni yoymachilar «egallab» olgan. Ular yer ustiga narsalarini yoyib, bemalol savdo qilishmoqda. O‘rganishlar natijasida ma'lum bo‘ldiki, yoymachilar patta puli sifatida kuniga shohbekatga 5 ming so‘m, bozor ma'muriyatiga 5 ming so‘m to‘lov qilishadi.

Ulardan biri nega bozorning ichiga kirib savdo qilmasliklari haqida savolga javob qaytardi.

«Ichkarida bizga joy yo‘q. Bizga ham bu yerda chang bosib, mashinalar tutunini yutib turish havas emas. Masalan, bugun vokzal ham patta oldi, bozor ham patta oldi. Bizga bozorga kirib, 10 ming so‘m berganimiz qulay. Ko‘chada hamma yoymachilar turib olganidan keyin ichkarida savdo bo‘lmaydi», deydi yoymachilardan biri.

Vokzal hududida sanitariya qoidalariga, savdo-sotiq normalariga amal qilmasdan faoliyat olib borayotgan sotuvchilar aybni bir-biriga to‘nkaydi. «Men ichkariga kirganim bilan boshqalar kirmaydi», deydi ulardan biri.

Avtoshohbekat direktori sotuvchilarni bozor ichiga kiritishga urinishlar besamar bo‘layotganini aytdi.

«Avtovokzaldagi holatlar bo‘yicha o‘zimiz murojaat bilan chiqmoqchi bo‘ldik. Har juma prokuratura, ichki ishlar, departament, soliq bo‘limi bilan bularni ichkariga olib kirmoqchi bo‘ldik. Organ xodimlari ham uddalay olishmayapti.

Mana, bugun ham avtobekatimizni kech ochdik. Shu yoymachilar bozor hududiga kirib joylashib olishi uchun. Lekin ko‘rib turibsiz — ular yana shu yerga chiqib olyapti. Bu bizga noqulaylik tug‘diryapti. Mashinalar bemalol harakat qila olmaydi. Biror nima desak, o‘zlarini tashlab yuborishadi, yotib olishadi yoki tadbirkorga to‘sqinlik qilyapsan, deb telefonida tasvirga olishadi», — deydi avtoshohbekat direktori Nodirbek Ahmadaliyev.

Avtovakzaldagi xaridorlar ham sotuvchilar bozorga kirib faoliyatini olib borishi barcha uchun qulay bo‘lishini ta'kidlashmoqda.

«Ko‘proq narsamni sotib olay», qabilida ish tutayotgan yoymachi sotuvchilarning ichkariga kirib savdo qilishidan hamma manfaatdor. Bozor ma'muriyati bo‘shab yotgan do‘kon-rastalarini to‘ldirib, soliq tushumlarini vaqtida to‘laydi. Avtoshohbekat egalari esa avtomobillar uchun qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatadi.

Agar hamma sotuvchilar bozor hududiga kirib sotuvchilarga xizmat ko‘rsatsa, avtoshohbekatga kelgan xaridorlar ham bozorga kirishga majbur bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida sotuvchilarning o‘ziga ham, avtoshohbekat-u bozor egalariga ham yechim bo‘lib xizmat qiladi.

Umid qilamizki, bu masalada tuman hokimligi va boshqa tegishli tashkilotlar sotuvchilar bilan suhbat o‘tkazib, ularga tegishli tushunchalar berib muammoning bartaraf etishadi.

Kun.uz mazkur muammo Bo‘ston tumani mutasaddilari tomonidan qay tarzda hal qilinishini kuzatib boradi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top