Jahon | 23:25 / 27.04.2023
11174
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi

Pekin bu davlatlar suverenitetini shubha ostiga olgan o‘z diplomati so‘zlaridan chetlashdi. 

Foto: Xinhua / Zhang Bowen

Xitoy bundan keyin ham Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligi va hududiy yaxlitligi himoya qilinishini qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Tsin Gan bayonot berdi. Uning so‘zlarini Reuters keltirdi. 

«Xitoy, har doimgidek, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy suvereniteti, mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilinishini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Tsin Gan. 

Vazir Xitoy shimoli-g‘arbidagi Sian shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondan kelgan hamkasblari bilan bo‘lgan uchrashuvda shu haqda bayonot bergan. 

«Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining milliy sharoitlarini inobatga olgan holda o‘z rivojlanish yo‘lini tanlashini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Tsin Gan va ularning ichki ishlariga har qanday tashqi aralashuvga qarshi ekanini qo‘shimcha qildi. 

Shuningdek, vazir BMT va ShHT orqali Markaziy Osiyoning besh respublikasi bilan aloqa va hamkorlikni mustahkamlashga va’da berdi. 

21 aprel kuni Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay LCI telekanaliga bergan intervyusida sobiq SSSR davlatlari suverenitetini shubha ostiga olgan va bu shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. 

24 aprel kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Lu Shay so‘zlaridan o‘zini chetga oldi. Pekinning Parijdagi elchixonasi Luning izohlari «siyosiy deklaratsiya emas, balki uning shaxsiy qarashlari ifodasi» ekani haqida bayonot berdi.

Mavzuga oid