Andijon viloyatining Shahrixon tumanida 15 may kuni ertalab 120dan ortiq kishi bir xil simptom- tinimsiz ich ketish va qayt qilishdan shikoyat qilib kasalxonaga murojaat qilgan. Ular «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
«Kun» nashrining Andijondagi manbasi ma'lumot berishicha, yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joylarga kelib o‘rganish va mahalliy mutaxassislarga ko‘mak ko‘rsatish uchun zudlik bilan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika bosh davlat sanitariya shifokori Saidmurod Saidaliyev Saidg‘aniyevich, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev Isoqovich, Epidemologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar tekshirish instituti direktori A.A.Abdushukurov va vazirlikning boshqa bir qator yetakchi mutaxassislari Shahrixonga yetib kelgan.
Kun oxiriga qadar ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va tana harorati ko‘tarilishi, umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilganlar soni 186 nafarni tashkil qilgan, ularning barchasi tuman tibbiyot birlashmasining turli bo‘limlariga joylashtirilgan.
Jabrlanuvchilardan 5 nafarining ahvoli jiddiy bo‘lib, ular TTBning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Qolgan bemorlarning ahvoli yengilligi aytilgan. Ularga palatalarda tibbiy yordamlar tashkil etilgan.
Shifoxona va uning bo‘limlari zarur dori-darmonlar, bir marta ishlatiladigan shprits va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta'minlangan. Bemorlarga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida avvaliga reanimatsiyaga yotqizilgan 5 kishi umumiy palataga o‘tkazilgan. 16 may kuni 81 kishi ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun uyga qaytarilgan.
Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hodisa oqibatida halok bo‘lganlar borligi haqidagi xabarlarni inkor etdi.
Shahardagi barcha muzqaymoq sotuvchilar taftish qilingan.
O‘tkazilgan suhbatlar davomida bemorlarning barchasi bu holat yuzaga kelishini 14 may kuni Shahrixon tumani markazida, Amir Temur ko‘chasida joylashgan «MAKS» kafesida frezerli muzqaymoq iste'mol qilishi bilan bog‘lagan.
Ushbu kafe mavsumiy bo‘lib, Rahimov Rustamjon Turdiqulovichga qarashli hisoblanadi. Ushbu kafeda yakka tartibdagi tadbirkor Bulturboyev Jahongirmirzo va uning 3 xodimi yumshoq muzqaymoq qorishmasini tayyorlab, 4ta frezer uskunalari orqali sotish bilan shug‘ullanib kelishgan. Ular o‘z faoliyatlarini 2016 yilda boshlagan, mazkur kafe ochiq suv havzasi bo‘yida, ayvon tipida qurilgan bo‘lib, faqat bahor-yoz mavsumida faoliyat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.

















