Jamiyat | 12:18 / 24.04.2024
18102
3 daqiqa o‘qiladi

G‘allaoroldagi YTH oqibatida ikki emas, uch nafar o‘quvchi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi

Viloyat IIB YHXB axborot xizmati tarqatgan xabarda YTH oqibatida ikki o‘quvchi halok bo‘lgani aytilgandi. Biroq o‘sha kuni Lasetti uch nafar o‘quvchini urib yuborgani va ularning barchasi vafot etgani oydinlashdi. Guvohlar haydovchining yonida bo‘lgan talaba qiz ham halok bo‘lganini aytishmoqda.

Foto: Jizzax viloyati IIB YHXB

Avvalroq, Kun.uz’da 2024 yil 15 aprel kuni G‘allaorol tumanida qoidalarni buzib, katta tezlikda harakatlangan Lasetti maktabga ketayotgan 2 nafar o‘quvchini urib yuborgani va ular halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Bolalar o‘qiydigan o‘qituvchilardan birining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘sha kuni 26 yoshli haydovchi ikki emas, 3 nafar bolani urib yuborgan.

Oqibatda, 7-sinfda o‘qiydigan 14 yoshli ikki o‘quvchi va 5-sinfda o‘qiydigan 12 yoshli bola halok bo‘lgan. Shuningdek, hodisa guvohlarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘sha kuni Lasettida talaba qiz ham bo‘lgan va hodisada u ham vafot etgan.

Biroq Jizzax viloyati IIB YHXB axborot xizmati tarqatgan videolavhada uchinchi bola va talaba qiz haqida umuman ma’lumot berilmadi.

Shuningdek, videolavhada haydovchi aholi punktida mashinasini soatiga 100 km tezlikda boshqarganini aytgandi. Guvohlar esa u soatiga 160 km tezlikda harakatlanganini aytishmoqda.

Ma’lum qilinishicha, haydovchi 2023 yil dekabr oyidan buyon 11 marta tezlik qoidalarini buzib harakatlangan. Uning oxirgi qoidabuzarligi ayanchli tugadi.

Hodisa haqida OAVda xabar tarqalar ekan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari 2020 yildan buyon joriy etilishi kechiktirib kelinayotgan “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimi”ni esga olishdi.

Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, agar qoidabuzarliklarni jarima ballari orqali baholash tizimi tezroq joriy qilinganda G‘allaorolda YTH sodir etgan yigitning ham haydovchilik guvohnomasi avvalgi qoidabuzarliklari uchun olib qo‘yilgan bo‘lardi va u o‘quvchilarni bosib ketmasdi.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan G‘allaorol tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Haydovchi protsessual tarzda qamoqqa olingan.

Mavzuga oid