08:41 / 27.09.2021
1587

Nukusdagi qimirlab turadigan 1,5 mlrd so‘mlik piyodalar ko‘prigida ishlar qachon yakuniga to‘liq yetkaziladi?

Nukusdagi qimirlab turadigan piyodalar ko‘prigida haliyam ishlar to‘liq yakuniga yetmadi. U bundan besh oy oldin foydalanishga topshirilgan.

Ko‘prik Nukusdagi «Janga bazar» va «Almazar» MFYlari oralig‘idagi temir yo‘l ustida joylashgan. Balandligi 6,52 metr, uzunligi 59,86 metr, kengligi 3 metr. Uning qurilishi 2021 yilning yanvar oyida boshlanib, mart oyida foydalanishga topshirilgan. Ammo ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagan.

Kun.uz bu mavzuga 5 oy oldin ham to‘xtalib o‘tgandi. O‘shanda ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagani, ko‘prikning ustki qismi yopilmagani haqida aytilgandi. Ko‘prikdan o‘tuvchilar uning qimirlab turishidan shikoyat qilishgandi.

Shundan keyin, 27 aprel kuni buyurtmachi tashkilot muhandisi O‘ktam Kamalov ko‘prik qurilishi chindan ham yakuniga yetmasdan foydalanishga topshirilganini tan olgan.

O‘ktam Kamalov o‘shanda mazkur ko‘prik mahalliy hokimiyat bilan kelishilgan holda foydalanishga ruxsat berilganini aytgan.

Bundan besh oy oldin Qo‘ng‘irot temir yo‘llari UK muhandisi "Ko‘prikning hozirgi qiyofasi butunlay o‘zgaradi. Loyihada ko‘rsatilgan ko‘prikning tom qismi o‘rnatiladi. Qo‘shimcha tungi chiroqlar ham o‘rnatiladi. Ko‘prikning tashqi qiyofasida Qoraqalpoq milliy ornamentlaridan foydalaniladi. Ko‘prikning to‘liq bitkazilmaganiga sabab, loyihada ko‘rsatilgan tungi yoritish chiroqlari va tom qismi talabga javob bermagan. Buyurtmachi tashkilot bu jihozlarga qaytadan buyurtma bergan", deb ta'kidlagandi.

Oradan yarim yilga yaqin vaqt o‘tsa ham bu o‘zgarishlar amalga oshirilmadi. Oldinda sovuq, yog‘ingarchilikli kunlar yaqinlashmoqda.

Ma'lumot uchun, ushbu ko‘prikdan Nukusdagi 22-, 27-, 34-, 41-maktab o‘quvchilari va 22-, 23-kichik tuman, «Qo‘sko‘l-3» MFY ahli o‘tib qaytishadi. U «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ buyurtmasi asosida qurilgan. Uni «Ko‘prik qurilish» DUK amalga oshirgan. Qurilishga jami 1 mlrd 500 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Piyodalar ko‘prigi 3 oy ichida foydalanishga topshirilgan.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid
Top