Jahon | 20:07 / 13.04.2022
56282
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Medvedchukni ukrainalik harbiy asirlarga almashtirish imkoniyatini baholadi

Zelenskiy «Putinning Ukrainadagi odami»ni asirlikdagi ukrain askarlariga almashtirishni taklif qilgan. 

Foto: Ukraina xavfsizlik xizmati

Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» partiyasi siyosiy kengashi rahbari, xalq deputati Viktor Medvedchuk Rossiya fuqarosi emas va Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasiga hech qanday aloqasi yo‘q, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Medvedchukni harbiy asirlarga almashtirishni taklif qilgani to‘g‘risidagi savolga ana shunday javob qaytardi. 

Peskov Medvedchuk «o‘z qarashi va pozitsiyasiga ega» muxolif partiyani boshqarishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchi har doim «urushga qarshi chiqqan» va agar Ukraina hukumati uning fikrlarini inobatga olganida, «hech qanday harbiy operatsiya bo‘lmasdi». 

12 aprel kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy rada deputati, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin uy qamog‘idan qochib ketib, g‘oyib bo‘lgan Viktor Medvedchukning qo‘lga olingani aks etgan suratni e’lon qildi

«Ukraina xavfsizlik xizmati maxsus operatsiyani muvaffaqiyatli bajardi. Barakalla!», deb yozgan Ukraina prezidenti. U xabarga ushbu siyosatchi harbiy libosda qo‘llariga kishan taqilgan holda o‘tirgani aks etgan fotosuratni xabarga ilova qilgan. 

13 aprelga o‘tar kechasi qilgan videomurojaatida Zelenskiy Medvedchukni asirlikdagi ukrain askarlariga almashtirishni taklif qildi. 

Ukraina bosh prokuraturasi Medvedchukni davlatga xiyonatda va terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda ayblagan.

Mavzuga oid