Iqtisodiyot | 18:48 / 21.08.2020
26251
3 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov: «Monopoliya barham topishi uchun import avtomobillarga bojxona to‘lovlarini keskin qisqartirish zarur»

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov «UzAuto Motors» AJ raqobatbardosh kompaniyaga aylanishi, raqobat bozorida ishlashi uchun import avtomobillarga o‘ta yuqori, deyarli taqiqlovchi bojxona to‘lovlari pasaytirilishining o‘zi kifoya, deb hisoblaydi.

«UzAuto Motors» AJni kim boshqarishidan qat'i nazar kompaniyaning xatti-harakati monopolistga xos bo‘lgan harakat ekanligi haqida ko‘p yozganman. Monopolist tabiatiga ko‘ra o‘zining ustun holatidan doimo foydalanib qolishga harakat qiladi. Xususan, u doimo narxlarni oshirishga intiladi va unda o‘z ishini yaxshilash uchun yetarlicha rag‘bat (xarajatlarni qisqartirish, sifat, assortiment va servisni takomillashtirish va h.k.) mavjud emas.

Monopolistning narxlari nazoratga olinganida u o‘z xarajatlarini shishiradi. Agar u yana davlat kompaniyasi bo‘lsa, samarali mulkdor mavjud bo‘lmagan holda qo‘shimcha korrupsion sxemalar paydo bo‘ladi. Ular ham mahsulotning tannarxini oshiradi.

Eng ahamiyatlisi shundaki, mazkur holatda biz batamom sun'iy, qo‘lda yasalgan, bir soat mobaynida tugatilishi mumkin bo‘lgan monopoliyaga duch kelyapmiz. Import avtomobillariga o‘ta yuqori, deyarli taqiqlovchi bojxona to‘lovlarini pasaytirishning o‘zi kifoya. Shu bilan monopoliya yo‘q bo‘ladi. Kompaniya esa raqobat bozorida ishlashni boshlaydi. Ana shunda u raqobatbardosh kompaniyaga aylanishi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Bundan deyarli barcha (kompaniya menejyerlari va ularning hukumatdagi kuratorlaridan tashqari), va nihoyat, bojxona to‘lovlaridan munosib daromad olishni boshlaydigan budjet ham yutadi.

Biroq sun'iy monopoliyaga bog‘liq bo‘lgan vaziyat mana uzoq yildirki, hal bo‘lmay kelyapti. To‘g‘ri, «UzAuto Motors» AJ ko‘plab (soliq, konvertatsion va boshqa) imtiyozlardan mahrum qilindi. Yaqinda import avtomobillar uchun aksizlar ham bekor qilindi. Biroq bularning bari yetarli emas. So‘nggi qadam zarur: import avtomobillarga bojxona to‘lovlarini keskin qisqartirish. Ana o‘shanda monopoliya barham topadi», deb yozadi Yuliy Yusupov.

Mavzuga oid