O‘tgan hafta Davlat soliq qo‘mitasi va «obnalchilar» masalasi shubhasiz keng jamoatchilik e'tiborida bo‘ldi. Avval qo‘mita shubhali korxonalar ro‘yxatini e'lon qildi, keyin ular bilan shartnoma tuzgan kompaniya faoliyati tekshirildi. Oqibatda 10 minglab tadbirkorlar «obnalchilar» xizmatidan foydalanganlikda ayblanib, tuzilgan shartnomalar bekor qilindi, to‘lanmagan QQS undirilishi belgilandi.

Ushbu holat yuzasidan DSQ raisi Sherzod Kudbiyev parlament qo‘mitasi eshituvida ham axborot berdi. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev shunday fikr bildirdi:

Doniyor G‘aniyev

«DSQ raisining pozitsiyasi – «eng yaxshi himoya bu – hujum»  tarzida bo‘lmoqda. Ya'ni o‘zlari amalga oshirgan harakatlarining yuz foiz haqligi bu hammasi xalq manfaati nuqtayi nazaridan qilinayotgani ilgari surilmoqda.

Shaxsiy qarashim shuki, «obnalchi»  firmalar bilan kurashish – yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda to‘g‘ri yo‘l. Faqat bizdagi e'tiroz: DSQning maqsad sari qo‘yayotgan qadami belgilangan qonunchilikka zidligidir. Davlatga belgilangan miqdorda QQS to‘lanmagan bo‘lsa, buni undirish kerak. Lekin masala bu soliqning qay tartibda undirilishidadir. Ya'ni soliq qo‘mitasining pozitsiyasi 266-modda bilan yondashib bitim qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgani yuzasidan dalillar bo‘lsa, soliq organlari hisobga olingan soliqqa o‘zgartirish kiritishga haqqi bor. Lekin qo‘mita Soliq kodeksining 14-moddasida agar soliq to‘lovchilar tuzatishdan norozi bo‘ladigan bo‘lsa, soliq organi sudga murojaat qilish kerak va bu o‘zgartirish oqibatlari ijro etilishi kerak, deyilganini unutyapti.

E'tirozimiz oqibatning ijro etilishi bo‘lmoqda. Agar organ taqdim etgan dalillarda chalkashliklar bo‘lsa yoki dalillar yetishmasa, Soliq kodeksida belgilangan soliq to‘lovchining «aybsizlik prezumpsiyasi»ga ko‘ra, ish soliq to‘lovchi foydasiga hal bo‘ladi. Deputatlar e'tirozi shuki, bir tomonning noqonuniy harakatini ikkinchi tomon noqonuniy jazolashi kerak emas».