Xalq işonç bildirib, «bizdan vakil böladi» deb öz içidan tanlab-saylab olgan kişilarning majlisi bu – parlament.  Demak, parlament bu – işonç bildirilgan kişilar yiğini. Şuning uçun uni «parlament» emas, balki «işonç uyi» deb atasa ham böladi. Zero bu bino içidagilar işonçni oqlaşga urinişadi.

Ammo... buning şarti bor!

Şart şuki, parlament mana şunday parlament bölişi uçun unga vakil tanlaş jarayoni, ya’ni saylov – haqiqiy saylov bölişi kerak. Buning uçun saylovçilar rostdan ham öz içlaridan eng loyiq kişilarni, aqlli, dono, mas’uliyatli, işonsa böladigan kişilarni tanlab olişlari va parlamentga jönatişlari lozim.

Va keyin ham – ularni vakil qilganlaridan söng ham ular bilan muloqot qilib turişlari, hisobot sörab turişlari kerak. Şundagina parlament haqiqiy parlament böladi. Xalqning öziga xos yuragi böladi.

Köryapmizki, parlament haqiqatdan ham xalq vakillari majlisi bölişi uçun xalqning özi faol bölişi kerak ekan. Xalq faol bölmasa, saylov saylov bölmaydi, noloyiq, «xalq vakili» deb atab bölmaydigan kişilar parlamentga ravona bölişadi. Natijada xalqning hayoti yaxşilanmaydi, parlamentni esa «işonç uyi» deb atab bölmaydi.

Demak, xalqning hayotiga doir qonun-tartiblar işlab çiqiladigan joy – parlamentning qanday joy bölişi xalqning öziga bevosita boğliq ekan. Odamlar saylovlarga, qanday kişilarni saylayotganliklariga befarq bölişsa, vakil bölişga loyiq kişilarni qöllab-quvvatlaşmasa, noloyiq nomzodlarni savollar bilan tergab, şu asnosida ularni foş qilişmasa, unda... jamiyat hayotini tartiblovçi qoidalar – QONUNlarni işlab çiquvçi idora – parlament yaxşi parlament bölmaydi. Xalqning hayoti esa yaxşilanmaydi.