Muftiy, bu murojaati ijtimoiy tarmoqlardagi aynan bir domlaga qaratilmagani, balki jamiyat uchun umumiy ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu shaxsiy fikrlar emas, balki Musulmonlar idorasi ulamolarining fatvosi ekani ma’lum qilindi.
«Keyingi paytlarda dilni xira qiladigan foydasiz tortishuv va nizolar ham avj oldi. Bu kabi tortishuvlar insonni foydali ilm olishdan uzoqlashtirib, umrini behuda o‘tkazishiga sabab bo‘ladi. Eng yomoni ushbu tortishuvlar diniy mavzular atrofida bo‘layotganidir. Ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rsangiz: diniy mavzularda tortishuvlar, diniy mavzuda munozaralar ko‘payib ketdi. Va albatta bu odamlar orasida turli tafriqalarga, tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda», – deydi muftiy.
Shuningdek, ba’zi ahli ilmlarni voqelikka qaramay, turli gaplarni aytishlari ustoz ko‘rmasdan, diniy ilmlarni yaxshi o‘zlashtirmay din nomidan gapirayotganlarning «fatvolari» juda katta fitnalarni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
«Bularning bu gap-so‘zlaridan keyin juda ko‘pchilikning ongida dinga, xususan, ahli ilmlarga nisbatan salbiy fikr paydo qilishiga sabab bo‘lmoqda. Go‘yoki mana shuni gapirayotib xato qilgan domlalar bular xuddi go‘yo din mana shular deb, tushunib qolinyapti. Barcha ahli ilmlar mana shunday deb o‘ylab qolinyapti. Natijada ular qatorida Allohning diniga xolis xizmat qilayotgan taqvoli, parhezkor, olim ustozlar ham o‘shalar qatorida ko‘rinib qolmoqda. Bu juda katta musibat.
...Qur’oni karimning «Nahl» surasi 125-oyatida Alloh shunday marhamat qiladi:
«Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go‘zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o‘ta bilguvchidir».
Ushbu oyati karima Alloh haq azza va jallaning bizga da’vat qilish uslubini o‘rgatgan ta’limi. Ushbu oyatda Alloh Rasulimiz sollallohu alayhi va sallamni insonlarni da’vat qilishda mazkur uch sifatga amal qilishga buyurmoqda. Uchta sifat: Allohning yo‘liga chaqirishda hikmat, mav’izai hasana va ular bilan chiroyli (mujodala) muomala qilishga chaqirilmoqda. Oyatdagi «ba» harfi arab tili qoidalarida «mulobasa» deyiladi, ya’ni «hamroh bo‘lish» (ma’nosida). Agar biz oyatni shu qoidaga muvofiq tarjima qiladigan bo‘lsak, mana shunga ko‘ra, Alloh yo‘liga chaqiruvchi kishiga ikki sifat: hikmat va go‘zal mav’iza hamroh bo‘lmog‘i lozim degan ma’no chiqadi. Shunda mazkur sifatli insonning so‘zi o‘tkir, ta’siri doirasi kuchli bo‘ladi. Qachonki hikmat va mav’izai hasana bo‘lganda. Ushbu oyatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga va’z qilish uslubini o‘rgatmoqda. Va’z-nasihat qilayotgan kishi, avvalo vaziyatni to‘g‘ri baholashi va unga muloyimlik va hikmat bilan yondashmog‘i kerak. Shunda maqsadga muvofiq ish qilingan bo‘ladi.









