O‘zbekiston | 01:26 / 23.05.2020
143095
3 daqiqa o‘qiladi

«Sardoba ishi» doirasida ikki kishi hibsga olindi

Bu haqda ma'lum qilgan Bosh prokuratura qo‘lga olinganlarning shaxsini ochiqlamadi.

Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida 1 may kuni yuz bergan texnogen falokat yuzasidan ochilgan jinoyat ishiga 2 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Bu haqda 23 mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma'lum qildi.

«Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi. Tergov harakatlari davom etmoqda», – deyiladi mahkama xabarida.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, ochilgan jinoyat ishi tergovi doirasida 19 may kuni «Sardoba» suv ombori obektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi boshlig‘i F.D. hibsga olingan.

Ma'lum qilinishicha, tergov davomida hali voqeaga aloqador yana boshqa gumondorlar ham ishga jalb etiladi.

Jinoiy ish yuzasidan tergovni DXX organlari o‘tkazmoqda. Internet saytlar va turli telegram kanallarda DXX tomonidan «Sardoba» suv ombori obektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi qarashli bo‘lgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga yuborilgan xabarnoma surati tarqaldi.

Xabarnomaga ko‘ra, 33 yoshli F.D. Jinoyat kodeksining 207-moddasi («Mansabga sovuqqonlik bilan qarash») 3-qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Bu moddaning 3-qismi «a» bandi odam o‘lishiga sabab bo‘lgan holatni nazarda tutadi va bu ayb sudda o‘z isbotini topsa, sudlanuvchi muayyan huquqdan mahrum qilib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Sardobadagi texnogen falokat yuzasidan 3 may kuni berilgan ilk rasmiy baënotida Bosh prokuratura voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi («Mansabga sovuqqonlik bilan qarash») va 258-moddasi 2-qismi «b» bandi («Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan edi.

Mavzuga oid