10:10 / 10.06.2019
24779

Yashnoboddagi «qo‘riqchi» tadbirkorlar. Yangi ko‘prik tadbirkorlarga qimmatga tushmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «mulk egasiga zarar to‘liq qoplanmaguncha davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish va ko‘chmas mulkni buzish tartibi to‘liq bekor qilindi», degan qat'iy chekloviga bugun hokimiyat vakillari qanchalik darajada amal qilishyapti? Hammasini qonuniy qilib, yaxshi niyatda bino ko‘targan tadbirkorlar yerlari davlat va jamiyat ehtiyoji uchun olib qo‘yilishidan oldin rozi qilinyaptimi?

Kun.uz tahririyatiga ayni shu masala yuzasidan norozi tadbirkor murojaat bilan chiqdi. Uning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng murojaatga oydinlik kiritish maqsadida tadbirkorlar joylashgan hududga shoshildik. Uning aytishicha, hokimiyat vakillari kelib, tadbirkor qurayotgan binoni buzishmoqchi ekan.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Bizni Yashnobod tumani, Mahtumquli ko‘chasida (eski Taraqqiyot) tadbirkorlar Faxriddin Erkinov va Sobirjon Rahmatov qarshi olishdi. Ular bilan suhbatlashdik.

«Mirkamol Plyus Servis» MChJ Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qarori asosida tanlovda ishtirok etib 0,22 gektarli yer maydonini Yashnobod tumani, Mahtumquli ko‘chasidan yutib olganmiz. Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimligi tomonidan qaror chiqarib berildi. Bino joylashgan hudud devor bilan o‘ralgan bo‘lib, «TAPOiCh» zavodi ichida edi. 2017 yil avgustigacha biz «TAPOiCh» bilan sudlashdik va binoni chiqarib oldik. Aslida bu hokimiyatning vazifasi edi. Lekin biz Iqtisodiy sudga berib, yutib chiqqanimizdan keyin Majburiy ijro byurosidan kelib chiqarib berishdi. Endi qurilishni davom ettirmoqchi edik. Ammo yangi ko‘prik qurilayotgani sababli bizga binoni buzish kerakligini aytishyapti. O‘zi boshida bizni Toshkent shahar hokimiyati bino noqonuniy qurilmoqda degan vaj bilan sudga bergandi. Biz javobgar sifatida sudga bordik. Ushbu qurilishga ruxsat bergan tashkilotlarning barcha hujjatlarini taqdim qilganimizdan so‘ng, ularning da'vo arizasi sud tomonidan rad qilindi. Shundan so‘ng qurilishimizning buzilishi bo‘yicha shahar hokimining qarorini olib kelishdi va binoni buzishmoqchi. Lekin shahar hokimining qarorida ham kompensatsiya to‘langandan keyin buzish kerakligi ko‘rsatilgan. Bular bo‘lsa hoziroq buzishmoqchi. Bu Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori yoki Prezidentning 3456-farmoniga zid harakat. Bizda shubha uyg‘onyotgan narsa – ular avvaliga bizni sudga berishdi. Sud rad qildi. Endi 97-sonli qarorni asos qilib, u yerda «3456»ni vaj qilishyapti. 3 kuncha oldin Toshkent shahar hokimiyatidan Davron Hidoyatov, shahar prokuraturasidan Aliakbar Po‘latov texnikalar bilan kelishdi. Biz bino oldiga turib oldik. Shundan so‘ng ular kompensatsiya to‘lanishini, lekin hozir binoni tepasidan buzishni boshlash kerakligini aytishdi. Lekin biz buzish ishlarini kompensatsiya to‘langanidan so‘ng boshlashimizni aytdik. Biz hali hisoblatmaganmiz, bular esa buz deyishyapti. 3 kun ichida yer va kompensatsiya masalasini hal qilib beramiz deyishgandi. Axir shuncha mehnatimiz, mablag‘imiz ketgan», deydi «qo‘riqchi» tadbirkorlar.

Shundan so‘ng bino hujjatlari bilan tanishib chiqdik. Haqiqatan ham hammasi qonuniy asosda qurilgan. Yer tanlovda yutib olingan va tadbirkorlar tegishli tashkilotlar ruxsati va tavsiyasi asosida noturarjoy binosini qurishni boshlashgan. Lekin yangi ko‘prik qurilishini sabab qilib hokimiyat binoni buzmoqchi. Binoni ko‘zdan kechirar ekanmiz, eng yuqori qavatida buzilish ishlari boshlanganiga guvohi bo‘ldik. Tadbirkorlarning aytishicha, hokimiyat buyrug‘i bilan buzilish olib borilgan va ishchilar majburiy olib ketilgan.

Muammoning asosiy masalasi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotgan yer o‘rniga boshqa yer va kompensatsiya qoplab berilishini qonun talabidan kelib chiqib amalga oshirishdir.

Ushbu vaziyatga izoh olish uchun Toshkent shahar hokimligi eshigini taqillatdik. Yakunda esa vaziyatga izoh berish masalasi Yashnobod tuman hokimligi gardaniga tushdi. Tuman hokimining Arxitektura va qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmurod Xalilov fikrlarini bildirdi.

Elmurod Xalilov

«Tumanimizdagi ushbu joyni 2017 yilda «Mirkamol Plyus Servis» MChJ maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish uchun tanlovda yutib olgan. Shahar hokimining ham qarori chiqarilib, doimiy foydalanish uchun ajratib berilgan. Xabaringiz bo‘lsa, yangi ko‘prik qurish ishlari boshlangan. Bu tadbirkor yigitlarimiz ko‘prik yonida 4 qavatli bino qurib qo‘yishgan. Bu esa hozirgi shaharsozlik va arxitektura normalariga to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘prikka kiruvchi yo‘llar bor, bu bino shu qoidalarni buzib turibdi. Shularni inobatga olgan holda shu yil fevral oyi oxirlarida o‘zim shaxsan shu joyga tashrif buyurganimda, ikkinchi qavatini qurishayotgan edi. Tadbirkorlarda shahar hokimining qarori hamda tenderda yutib chiqishgani bo‘yicha hujjatlar bo‘lgani uchun og‘zaki ogohlantirish bilan cheklanganman. Yaqinda Toshkent shahar hokimining ushbu bino buzilishi hisobiga hududda obodonlashtirish ishlarini olib borish to‘g‘risidagi qarori chiqdi. Ushbu qaror bilan tadbirkorlarni tanishtirdik. Ko‘prikni yaqin orada topshirish ko‘zda tutilgani sababli biz binoni buzib, uning o‘rnida obodonlashtirish ishlarini boshlashimiz kerak bo‘ladi. Kompensatsiya masalasini ham tezlik bilan hal qilish uchun Uysozlar 7 ko‘chasidan ularga joy ko‘rsatdik. Ertasiga borib ushbu binoni baholovchi tashkilotga baholatishni tavsiya qildik. Baholovchi tashkilotning javobi chiqishi Davlat aktivlarini munitsipial boshqarish markazi tomonidan kompensatsiya puli qoplab beriladi», deb aytib o‘tdi hokim o‘rinbosari.

Hokim o‘rinbosari «buzilish ishlari boshlanmagani va kompensatsiya qilinmagunicha buzilish boshlanmasligi»ni ta'kidladi. Biz ko‘rgan va eshitgan holat bo‘yicha esa vaziyat boshqacha. Lekin asosiysi va'da olindi. Ya'ni tadbirkorga kompensatsiya to‘lab berilmagunicha uning chala qolayotgan binosiga tegilmaydi. Ko‘ramiz…

To‘g‘ri, juda katta kuch va mablag‘lar hisobiga loyihalashtirilib, qurilishi boshlangan ko‘prik oldida tadbirkorning bu binosi arzimas bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin masalaning ikkinchi tomoni shundaki, tun-u kun o‘z binosiga «qo‘riqchi» bo‘lib chiqayotgan tadbirkorning ham o‘z hayoti va rejalari bor. U ham hokim va tashkilotlarning ruxsatiga ishonib ish boshlagan. Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyat qurishni hohlayapmizmi - qonun talabidan kelib chiqqan holda ish olib boraylik. Shahrimizda amalga oshirilayotgan bunday katta loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Faqat ishlar rozi-rizolik bilan amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tadbirkor va hokimiyat o‘rtasidagi masala tez orada ijobiy hal etilishiga umid bildirib qolamiz.

Kun.uz ushbu holatni kuzatishda davom etadi.

Muxbir Rahmatillo Isroilov
Operator Muhammadjon G‘aniyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top