«Sud qarorlari – qonuniylikni ta'minlash, keltirilgan zararni qoplashda huquqiy asos. Joriy yilning 10 oyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga 4 millionga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 million 200 mingtasi bajarilmagan. Ya'ni, bugungi kun holatiga 17 trillion so‘mlik hujjatlar ijrosi ta'minlanmay turibdi. Buning 7,2 trillion so‘mi davlat undiruviga, qolgan 9,7 trillion so‘mi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli. Ushbu mablag‘larning undirilishi tadbirkorlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash, kam ta'minlangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘plab ijtimoiy masalalarni hal etishda muhim omil bo‘ladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Yig‘ilishda sud hujjatlarini ijro etish holati tuman va shaharlar misolida ko‘rib chiqildi. Qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha mamlakat darajasida alohida, viloyat va tumanlar miqyosida alohida tizimda ish olib borilishi belgilandi.

Xususan, Majburiy ijro byurosi 20 milliard so‘mdan yuqori qarzlarni undirish bilan shug‘ullanadi. Byuroning viloyat boshqarmalari 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qarzlar undiruvi bilan ishlaydi.

MIBning tuman va shahar bo‘limi boshliqlari hokimlar va sektor rahbarlari bilan birga og‘ir ahvolga tushib qolgan qarzdorlarning manzilli ro‘yxatlarini tuzib, ularga ko‘maklashadi. Buning uchun, undiruvchi iltimosiga ko‘ra ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati sudlardan davlat ijrochisiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlarining qarzlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risida murojaat etish huquqi beriladi.

Yig‘ilishda qarzdorning mol-mulki yo‘qligi sababli to‘xtatilgan ijro hujjatlari bilan ishlash masalasi muhokama qilindi. Qarzdorlar to‘g‘risida yagona elektron platforma yaratib, ularni notarius, bank, soliq, davlat xizmatlari, bojxona, kadastr, ichki ishlar va boshqa idoralar bazasiga integratsiya qilish zarurligi ta'kidlandi.

Shu paytgacha majburiy ijro ta'minlanishidan hududlarga manfaat yo‘q edi. Endilikda undiriladigan mablag‘larning bir qismi «temir daftar», «yoshlar daftari» va «ayollar daftari» bo‘yicha jamg‘armalarga o‘tkaziladigan tartib joriy qilinishi belgilandi.

Davlat ijrochilarining ish hajmi masalasi ham e'tibordan chetda qolmadi. Ko‘p joylarda bitta ijrochiga to‘g‘ri kelayotgan hujjatlar soni me'yorlardan ziyod ekani ko‘rsatib o‘tildi.