Jahon | 11:12 / 13.07.2020
50605
15 daqiqa o‘qiladi

Biydek dalada: o‘zbekistonlik minglab migrantlar Rossiya-Qozog‘iston chegarasida qolib ketayotgani haqida

Rossiya-Qozog‘iston chegarasida o‘zbekistonlik minglab migrantlar chegaradan o‘tolmasdan to‘planib turishibdi. Rossiyada ishsiz qolishgach, ular Qozog‘iston orqali uylariga yetib olishni istashgan, biroq u yerda koronavirus tufayli cheklovlar qat'iylashtirildi. Migrantlar esa 37 darajali jaziramada biydek dalada tunashmoqda - ovqatsiz, suvsiz va pulsiz.

Foto: Artem Golyakov / Meduza

«Meduza» muxbirlari Rossiyadan O‘zbekistonga qaytish uchun yo‘lga chiqib, Qozog‘iston chegarasida to‘planib qolgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ahvoli haqida reportaj tayyorladi.

«Biz shunchaki uyga borishni istaymiz»

O‘zbekiston fuqarolari Samara va Orenburg oblastlari chegarasida – Qozog‘iston bilan chegara nazorati punktiga yaqin Mashtakov posyolkasida lager tikishgan. Uyog‘iga ularni o‘tkazishmadi: Orenburg oblastida ham COVID-19 bilan bog‘liq holat og‘ir. Muxbirlar lagerga yaqinlashishi hamono mashinani migrantlar ovqat va suv keltirishdi deb o‘ylab, o‘rab olishdi. Ular trassa bo‘ylab turib olib, oziq-ovqat mahsulotlari tashlab ketadigan mashinalarni «ushlashmoqda». Bizda hech vaqo yo‘qligini bilishgach, darhol qiziqishlari so‘nib, boshqa yo‘lovchi mashinalarni poylashga tushishdi.

Bu yerda mingdan ziyod odam bor – ularning orasida bolalar, homilador ayollar uchraydi. Kimdir chegarani avtobusda kesib o‘tishni rejalashtirgan bo‘lsa, ularga osonroq: haytovur uxlash uchun joy bor. Qolganlar esa jaziramadan qutulish uchun shox-shabbalardan kapa tikib olishgan, ularni choyshab-u ko‘rpachalar bilan yopib, o‘t ustiga gilamcha to‘shab olishgan.

— Men bu yerda bir haftadan beri kutyapman. Ayrimlar 20 kun, bir oydan buyon shu yerda. Siz bu yerda 20 daqiqa turishga urinib ko‘ring-chi. Bu yerga qanday kelib qoldimmi? Hamma kabi. Koronavirus, karantin. Moskvada ishlayotgandim, meni virus tufayli ishdan bo‘shatishdi. Men uyga – O‘zbekistonga borishni istadim. Shu yergacha keldim. Moskvada menga maosh ham yo‘q, ish ham yo‘q, – deb qo‘llarini yoyadi Ulug‘bek.

Lagerdagilar familiyasini aytishni istashmaydi, suratga tushishga ham hadeganda rozi bo‘lishmaydi. «Biz oqibatlardan qo‘rqamiz, shuning uchun kerakmas».

Lager yaqinida Orenburg oblasti tomonidan chegara xizmati, IIV va Rosgvardiyadan iborat jonli to‘siq turibdi.

— Bizni qo‘yishmayapti, – deya davom etadi Ulug‘bek. – Biz bandiga aylandik. Qaytadigan joyimiz yo‘q, uyga borish ham mumkin emas. Ana, atrofimizni avtomat va rezina tayoq bilan o‘rab olishgan. Ular nega kerak? Biz shunchaki uyga qaytishni istaymiz. Ish yo‘q, pul yo‘q, yashashga joy yo‘q. Uyda esa oilamiz bor. Ular qanday yashashyapti? Nima yeb-ichishyapti? Biz mutlaqo bexabarmiz. Telefon ishlamaydi, bu dalada aloqa ham yo‘q.

Hojatxona dalada, suv idish yordamida kir yuviladi

Shu vaqt lagerga boylerda suv keltirishdi. Mashinaga ko‘zi tushgan zahoti bu yerdagilar 5 litrlik idishlarini olib kimo‘zarga suvga chopishdi. Suvni kuniga ikki marta keltirisharkan. Bu suv tekin, «davlat tomonidan»: uni migrantlar turgan hudud qaraydigan Bolshaya Chernigovka rayoni ma'muriyati tashkil etibdi. Ba'zan xususiy shaxslar suvni keltirib litrini 3 rubldan pullashadi.

Foto: Artem Golyakov / Meduza
Foto: Artem Golyakov / Meduza
Foto: Artem Golyakov / Meduza
Foto: Artem Golyakov / Meduza

«Bu yerda qanday yuvinyapsizlar», degan savolga lagerda yashovchilar yelka qisib qo‘yaqolishdi.

— Suv yo‘q, hamma kir bo‘lib ketgan, kiyimlarimizga qarab bo‘lmaydi, – deydi Zulya Yakubova (familiyasi reportaj qahramoni iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan — «Meduza»). «Lager» ayollaridan biri o‘rtasi o‘yilgan 5 litrli suv idishda kir yuvishga kirishdi.

Zulya ham Moskvadan kelgan: qiz restoranda ishlardi, biroq u yopilgan. Ishsiz va pulsiz qolgach, uyga qaytishga qaror qilgan. Chegarada 10 kundan buyon kutmoqda.

— Hamyurtlarimiz orasida Qozog‘iston orqali uyga yetib olish mumkin, degan mish-mish tarqadi. Shunga ishonib keldik. Kechqurunlari juda og‘ir bo‘lmoqda, chorasizlikdan yig‘layapmiz. Erkaklar ko‘p, ayollar kam. Nima yeyishni bilmaysan. Erkaklar kechalari ichib olishadi, hech qachon nima bilan tugashini ham bilmaysan. Qo‘rqinchli. Erkaklarning hammasi och. Ayollarga nima bo‘ladi? Men bu yerda yolg‘izman, oilamsiz. Biz shunchaki o‘tirib, Qozog‘iston qachon chegarani ochishini kutmoqdamiz. Hozircha biror aniqlik yo‘q, – deb yig‘laydi Zulya.

Oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat og‘ir. Ma'muriyat tomonidan vaqti-vaqti bilan kechlikka «suxoy payok» beriladi. Asosan yo‘ldan o‘tuvchi furalar mahsulot tashlab ketishadi. Haydovchilar (ko‘pincha o‘zbekistonliklar) to‘xtab, non, suv, sabzavotlar, ba'zan qovun-tarvuz berishadi. Kimdadir pul bo‘lsa rayon markaziga — Bolshaya Chernigovkaga borib keladi. Mahalliy aholi ham pul va mahsulotlar bilan yordam qilib turibdi.

Jamila pandemiyagacha yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan, avtobusda Moskvadan O‘zbekistonga qatnagan. U chegarada 15 kundan beri qolmoqda. Jamila avtobusning yuk bo‘lmasida yashaydi – bu eng obro‘li joy sanaladi. Poliga ko‘rpachalar to‘shalgan, yostiq bor, bo‘lma shamollatib turiladi.

— Ukam pul jo‘natib turibdi, biz 15 kilometr naridagi posyolkadagi do‘konga borib-kelib turibmiz. Boshqa iloj yo‘q, nima qilaylik? Bunaqa vaziyatga 20 yildan buyon endi tushishim… Odamlar bir tiyinsiz o‘tiribdi. Ularga qo‘limizdan kelgan yordamni qilyapmiz: qozon sotib oldik, non, suv keltiramiz. Ovqat pishiramiz. Hammamiz ham odammiz-ku, – jilmayadi Jamila.

Ovqatni kapalar o‘rtasiga o‘rnatilgan qozonlarda pishirishadi. Lager ortida yaxshigina chiqindixona paydo bo‘lgan. Hojatxona yo‘q. Uni lagerning narigi tomonida qazishgan, oq surp bilan o‘rab qo‘yishgan: uzoqdan ko‘rinib turibdi.

«Bomjlardek yashayapmiz»

Migrantlar bir-biriga tiqilib yashashmoqda: ijtimoiy masofani-ku qo‘ya turing, hech qanday niqob haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bir necha kishidagina niqob ko‘rish mumkin.

Foto: Artem Golyakov / Meduza

Rashid 59 yoshda. U Moskvada ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlagan, biroq aprel oyi oxirlarida kasal bo‘lib qolgan.

— Ishtaham yo‘q edi, boshim og‘rirdi. Xo‘jayinga madorim qochayotgani, ishlolmasligimni aytdim. «Tez yordam» chaqirishdi. Vrachlar: «Nega bizni chaqirdingiz, oddiy bosh og‘riqqami?» deyishdi. Yotoqxonaga borganimda, meni alohida vagonchaga ajratib qo‘yishdi. Ikki hafta o‘sha yerda yotdim. Menga oziq-ovqat va dori berib turishdi, lekin biror marta vrach kelgani yo‘q. Men qanday kasalga yo‘liqqanimni ham bilmayman, – deydi Rashid.

U 20 iyundan buyon lagerda. Uning tarixi ham boshqalarnikiga o‘xshash: hamyurtlaridan Qozog‘iston chegarasi ochilishini eshitgan va chegara punktigacha kelib, qolib ketgan.

— Mana shu tarzda, bomjlarga o‘xshab, hattoki ulardan badtar yashayapmiz. Uyga ketgimiz kelyapti. U yerda ish yo‘qligi uchun Rossiyaga kelgandik. Endi qaytib ketolmayapmiz. Xotinim O‘zbekistonda komada yotibdi, ikki marta yurak xurujiga uchragan. Uning yonida bo‘lishim kerak, shu sabab uyga qarab yo‘lga chiqqandim. Pensiyaga ham chiqishim kerak. Nevarali bo‘lganman, hali uni ko‘rganim ham yo‘q, – deydi Rashid.

Lagerda tibbiyot xodimlari yo‘q.

Erlar ayollarini lagerga borishga qo‘yishmayapti

Bu migrantlarning uchinchi marta Qozog‘iston chegarasida to‘planib qolishi. Bungacha chegarada yig‘ilganlarning barchasini O‘zbekiston hukumati maxsus transportda olib chiqib ketgan, endigisi cho‘zilib ketdi. 1200 kishi Samara oblastidagi Bolshaya Chernigovka rayonida, yana 747 nafar migrant Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lgan Orenburg oblastining Buzuluk rayonida qolib ketgan.

8 iyul kuni Samara oblasti gubernatori Dmitriy Azarov O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov bilan ko‘rishgan. Bu uchrashuv haqida Samara oblasti ma'muriyati muassisligidagi mahalliy OAV xabar bergan.

«Samara oblasti hukumati vaziyatni alohida nazoratga olgan va odamlarga maksimal ko‘mak ko‘rsatmoqda. Rayon markazidan uch kilometr masofada vaqtinchalik joylashish punkti yaratilgan. Palatali lager barcha sanitariya talablari doirasida o‘rnatilgan, suv yetkazish tashkillashtirilgan, joyda tibbiyot xodimlari ishlamoqda», – deyiladi rasmiy xabarda.

Aniqlanishicha, FVVning palatali lageri chindan ham ochilgan ekan. Lekin u yerda deyarli hech kim yo‘q.

— Hozir palatali lagerda 29 nafar migrant ayollar yashamoqda. 9 iyul kuni tibbiyot xodimlari kelib, hammani tekshirishdi, tavsiyalar berishdi. Qolganlar ko‘chishni istashmayapti. FVV lageriga borishni istovchi ayollar bor, lekin ularni erlari qo‘yib yubormayapti. Erning aytgani – qonun. Ular bu haqda eshitishni ham istashmaydi, ular shunchaki uyga ketishni xohlaydi. Agar ular palatali lagerga ko‘chishsa, chegaralar ochilmay qolishidan qo‘rqishadi, – deydi Butunrossiya o‘zbeklar va O‘zbekiston fuqarolari kongressi mintaqaviy bo‘limi rahbari Dilfuza Sobirova.

Sobirovaning so‘zlariga ko‘ra, gubernator administratsiyasi migrantlarga vaqtinchalik ish ham taklif qilgan, amaldorlar ishlash uchun patent rasmiylashtirishda ham yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lishgan, lekin xorijliklar unashmagan.

— Bu vaziyat qachon tugaydi, noma'lum. Bu yerdagi holat Rossiyaga ham, Samara oblastiga ham bog‘liq emas. Hozir Qozog‘istonda koronavirus bo‘yicha vaziyat juda og‘ir. Hozircha karantin 20 iyulgacha davom etadi, keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz. Hozircha hammani avval ishlagan joylari – Moskva, Moskva oblasti, Sankt-Peterburgga qaytishga ko‘ndirmoqdamiz, – degan «Meduza»ga Samara oblasti gubernatori administratsiyasi ichki siyosat departamentining milliy va konfessional siyosat boshqarmasi rahbari Nadejda Osipova.

O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi o‘z rasmiy saytida quyidagi axborotni e'lon qilgan:

«Bizdagi ma'lumotlarga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommabop messenjerlarda Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozog‘iston chegarasiga odamlarni yetkazib qo‘yish va chegarani kesib o‘tishda «yordam berish»ni va'da qilib, turli e'lonlar tarqatmoqdalar.

Elchixona vatandoshlarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘rab qoladi. Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara oblastidagi Bolshaya Chernigovka posyolkasi, Orenburg oblastidagi Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yana to‘planishi kuzatilmoqda. Ularning ko‘pchiligi, yolg‘on xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hududlaridan kelgan va Qozog‘iston orqali vatanimizga qaytish istagini bildirishmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolg‘on xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qat'iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid ma'lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, mazkur ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek Internet orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan (44 mln 600 ming so‘mdan) 400 baravarigacha (89 mln 200 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga binoan, bila turib og‘ir oqibatlarga olib keladigan yolg‘on ma'lumotni tarqatish 300 mingdan 2 million rublgacha jarima hamda uch yildan besh yilgacha qamoq bilan jazolanadi».

Foto: Artem Golyakov / Meduza

«Meduza» muxbirlari voqea joyida ishlashayotganida O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi vakillari lagerga kelishdi. Homilador ayol va yosh bolali ayollarni Bolshaya Chernigovka posyolkasidagi mehmonxonaga rayon administratsiyasi hisobidan joylashtirishga ko‘ndirishdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kungi videoselektor yig‘ilishida «Chet ellardan shu bugungacha 90 mingdan ko‘p fuqarolarimizni qaytarib olib keldik. Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, chet elda qolgan hamma fuqarolarimizni albatta olib kelamiz», degan edi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston bilan chegaradagi «G‘isht ko‘prik» chegara posti yaqinida to‘planib turgan 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik chegaradan o‘tkazilgani haqida xabar berdi.

O‘zbekistonliklarning Rossiya-Qozog‘iston chegarasiga to‘planishi may oyida ham kuzatilgan, o‘shanda O‘zbekiston hukumati Rossiya va Qozog‘iston vakolatli organlari bilan kelishgan holda, 1100 nafar fuqaroni avtobusda mamlakat hududiga olib kelgandi. O‘shanda rasmiylar mazkur amaliyot istisno tariqasida faqat bir martagina amalga oshirilayotganini ta'kidlashgan edi. 

Mavzuga oid