O‘zbekiston | 16:04 / 01.11.2024
36346
5 daqiqa o‘qiladi

Boyovut hokimi Dilfuza Uralova fermerni haqoratlab, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurdi

Kun.uz’ga Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaga tegishli ekani aytilgan audioyozuv kelib tushdi. Unda tuman hokimi paxta terimida “planni” bajarmagan fermerlarni haqorat qilganini eshitish mumkin. Dilfuza Uralovaga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.

Foto: Boyovut tumani hokimligi

Kun.uz’ga Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova fermerlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishdan yozib olingan audio kelib tushdi. Unda hokim fermerlarni ko‘p yerni egallab olib, bajara olmayotganlikda ayblagan.

Yig‘ilish asosan hokimning fermerlarga nisbatan haqorati bilan o‘tgan. Hududdagi paxta “planini” bajarmagan fermerlar nomma-nom sanalib, ular nega terimni tashkil qilmayotgani tanqid qilingan.

Mard bo‘lib, g‘allani ekib, maysaday qilib yurmaysanmi? Nima qilasan yerni olib, eplolmayotgan bo‘lsang tashla. 100 gektar bo‘lsa, 20 gektarga kuching yetadimi, 10 gektargami yoki 50 gektargami, bilasan-ku o‘zing necha gektarga kuching yetishini, noinsof”, degan hokim fermerlarga qarata.

Yig‘ilish jarayonida Dilfuza Uralova tumandagi “Abdumandat ota farzandlari” fermer xo‘jaligi raisi Shuhrat Hojiyevni haqorat qilgan. Bunga javoban fermer hokimdan hurmatini saqlashni so‘ragan. Hokim esa haqoratga ham qoniqmasdan, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurgan.

Ro‘yxatni o‘qib turgan xodim “Abdumandat ota farzandlari” fermer xo‘jaligining 40 gektar paxta dalasi borligi, 109 tonna majburiyat belgilangani, hozirda 80 tonna hosil topshirganini aytgan. Shundan so‘ng hokim va fermer o‘rtasidagi suhbat shunday kechgan:

— “Opa, ikkinchi terim shunday turibdi, “pashti” 30 gektar.

— Harom, men borib terdirib kelaymi, nega terdirmaysan? A, Nimaga?! Gap eshitish osonmi? Nega terdirib qo‘ymaysan? Nega bajarib qo‘yib kerilmaysiz?

— Bajaramiz.

— Nimaga shu vaqtgacha bajarmading?

— Shu paytgacha vaqt bo‘lgani yo‘q.

— Iye, nega vaqt bo‘lmaydi?

— Opa, vaqt bo‘lmadi, g‘alla ekdim”.

Suhbat shu nuqtaga kelganida hokim fermerga kuch ishlatgan va “padaringga la’nat, eshak”, deya haqorat qilgan. Fermer esa marhum otasini haqorat qilmaslikni so‘ragan. “Bilasanmi mening padarim qachon o‘lib ketgan? Tegma padarimga”, degan u. Hokim esa “Tegaman, yuz marta teginaman, noinsof. Iflos, nimaga qilib qo‘ymading?” deya javob qaytargan.

Janjaldan keyin fermer yig‘ilish o‘tkazilayotgan xonadan olib chiqib ketilgan. Dilfuza Uralova esa yonidagi xodimga IIBga aytishni, oyoq-qo‘lini bog‘lab olib ketib, qamab qo‘yishni buyurgan.

Tuman hokimining bu harakati qonunchilikka zid. Jumladan, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek, ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Boyovut tumani hokimligi matbuot xizmati Furqat Po‘latov bilan bog‘landi. Uning bildirishicha, mazkur yig‘ilish 25 oktyabr kuni o‘tkazilgan.

Sirdaryo viloyati hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, audioyozuvning haqqoniyligi, holat qachon, qayerda va qanday vaziyatda yuz berganiga oydinlik kiritilib, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida keskin tanqidiy muhokama etilgan.

“Komissiya tomonidan ushbu xatti-harakatlar davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini buzish deb baholandi. O‘z navbatida tuman hokimi holat bo‘yicha tushuntirish berib, yuzaga kelgan vaziyatdan pushaymonligini aytdi. Ikkinchi tomon bilan suhbatlashgani, o‘zaro munosabatlaridagi yoqimsiz hodisaga to‘liq barham berilganini bildirdi.

Hozirda yig‘ilish bayonnomasi asosida Dilfuza Uralovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Ma’lumot uchun, asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Dilfuza Uralova 2020 yil fevral oyida Boyovut tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi. Bungacha u Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Mavzuga oid