Iqtisodiyot | 12:28 / 03.06.2022
46683
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiya neftiga embargo: bu nimalarni o‘zgartiradi?

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya neftiga qisman bo‘lsa ham embargo qo‘yishni epladi. Bu uch oydan buyon urush olib borayotgan Rossiya uchun ta’sirsiz choradek ko‘rinmoqda, ammo iqtisodchilarning fikricha, bu chora dunyodagi neft aylanmasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular bir necha oydan keyin Rossiya har qanday cheklovga qaramay neftini sotib olayotgan davlatlarning «asiri»ga aylanib qolishi mumkinligini ham istisno qilishmayapti.

Foto: Getty Images

Muzlatilgan 300 milliard dollar bemalol qoplanadi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya neftiga embargo qo‘ygani haftaning asosiy iqtisodiy yangiligi bo‘ldi. Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi doirasida amalga oshirilgan ushbu cheklov atrofida muzokaralar bir haftaga cho‘zilib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, neft embargosi qisman joriy qilindi: Rossiyadan dengiz orqali neft olish to‘xtatiladi, ba’zi davlatlar esa quvurli o‘tkazgichlardan rus neftini olishda davom etadi.

Embargo shu holatda qoladi deb o‘ylash kerak emas. Asosiysi, YeI davlatlari cheklov bo‘yicha rasmiy qarorga kelishdi, u bosqichma-bosqich kengaytirib borilishi mumkin. Sanksiyalardan keyin Yevropa yaqin 6 oy ichida Rossiya neftidan, 8 oyda esa Rossiyadan boradigan neft mahsulotlariga qaramlikdan qutulishi mumkin.

Embargo Rossiya Yevropaga eksport qilayotgan neftning uchdan ikki qismiga ta’sir qiladi. 2022 yil oxirigacha ittifoq Rossiyadan neft olishni 90 foizgacha kamaytirmoqchi. Iqtisodchilar bu cheklovni Yevropa uchun unchalik katta zarar bermaydi deb hisoblamoqda. Rossiya YeI embargosi bilan hisoblaganda ham 2022 yil neft va gazdan 285 milliard dollar ishlashi kutilmoqda. Bu esa 2021 yildagiga qaraganda ancha ko‘p degani. Boshqa xomashyolarni ham sotishi hisobga olinsa, Rossiya sanksiyalar doirasida muzlatilgan 300 milliard dollarni bemalol to‘ldira oladi.

Yevropalik siyosatchilar ular qo‘llayotgan choralar yetarli emasligini bilib turishibdi. Shu bois, rus mahsulotlarining Rossiyaga qarshi sanksiyaga qo‘shilmagan davlatlarga ham eksport qilinishini cheklovchi choralar izlanmoqda. Masalan, YeI Rossiya bayrog‘i bilan suzayotgan kemalarni sug‘urtalashdan bosh tortmoqchi. Bu esa Rossiya atrofdagi boshqa davlatlarga ham dengiz orqali neft sota olmaydi deganidir. Bunday turdagi cheklov Rossiya neftini dunyoning istalgan suvli hududiga olib boruvchi yirik tankerlarga qarshi ham qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya umuman kutmagan davlatlaridan ham zarbalar qabul qilib olishi mumkin. WSJ o‘z manbalariga asoslanib yozishicha, OPeK neft tashkilotiga a’zo ba’zi davlatlar Rossiyaning OPeK+ kelishuvidan chiqarishni muhokama qilmoqda. Nashr bilan gaplashgan delegatning aytishicha, buning iqtisodiy sabablari ham bor. Bu davlatlar sanksiya sabab Rossiya neft qazib olishda muammolarga uchrashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Oqibatda bozor kutilmagan holatlarga tez-tez uchrashi mumkin bo‘lib qoladi.

Mojarlarga istisno

YeI «Do‘stlik» quvurli o‘tkazgichidan neft olishni istisno tariqasida vaqtincha embargoga kiritmagan. Sanksiyalarning oltinchi paketiga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan Vengriya uchun shunday istisno qilishdi. Vengriya o‘z ehtiyoji uchun asosiy neftni asosan mana shu o‘tkazgich orqali oladi. Mamlakat neft importining 65 foiz ulushi esa aynan Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Vengriya «Do‘stlik» o‘tkazgichidan neft borishi to‘xtasa, mamlakatda neft mahsulotlari narxi ko‘tarilib ketishi mumkinligidan xavotirdaligini ma’lum qilgan. Sharqiy Yevropaning ko‘p davlatlarida hozir shunday holat kuzatilmoqda. Slovakiya hamda Chexiya kabi dengizga chiqa olmaydigan davlatlardan ham «Do‘stlik» orqali rus neftini olishda davom etadi. Germaniya va Polsha esa quvurlardan neft olishni to‘xtatishini ma’lum qildi.

Aynan Vengriyaning qaysarligi muzokaralarni ortga surib yubordi va ular deyarli bir oyga cho‘zilib ketdi. WSJ embargo Yevropa Ittifoqiga oyiga 10 milliardlab dollarga tushishini yozmoqda. Yevropaning ko‘plab davlatlarida inflatsiya tezlashib ketdi. Pandemiya vaziyatni shundog‘am yomon holatga tushirib qo‘ygandi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi barchasini yanada keskinlashtirib yubordi.

Foto: Getty Images

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelning aytishicha, bu cheklovlar Rossiya «urush mashinasi ta’minoti»ga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. «Bu Rossiya urushni to‘xtatishi uchun ko‘rsatilayotgan maksimal bosim», deydi Mishel.

Ammo Bloomberg'ning hisob-kitoblariga ko‘ra, YeI embargosi sabab Rossiya yiliga 22 milliard dollar yo‘qotadi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga kiritgan embargosi ramziy ma’noga ham ega. Shu tariqa, G‘arb energiya ishlab chiqarishda asta-sekin Rossiyaga qaramlikdan chiqishi mumkin. Urushgacha Yevropa Rossiyadan juda katta miqdorda ko‘mir, neft va gaz sotib olardi. Hozir bu mahsulotlar importi keskin kamayib bormoqda.

Dunyo neft zanjiriga ta’siri

BBC bilan suhbatlashgan tahlilchilarning taxminicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan rus neftiga joriy qilingan embargo Rossiyaga tezda ta’sir qilishi qiyin, chunki «qora oltin» narxi qimmat, 1 barrel 120 dollargacha sotilmoqda.

Energetika sohasidagi ekspert Sergey Vakulenkoning aytishicha, sanksiyalar sabab dunyoda neft yetkazib berish qaytadan taqsimlanishi mumkin. Yevropa Ittifoqi endilikda Saudiya Arabistoni, BAA kabi Yaqin Sharq davlatlari, Afrika davlatlari va Lotin Amerikasidan ko‘proq neft sotib oladi. O‘z navbatida, bu davlatlardan Osiyoga ketadigan neft hajmi kamayadi. Yuqorida sanalgan davlatlardan neft olishga odatlangan Osiyo davlatlari esa endi Rossiyadan ko‘proq neft ola boshlaydi. Ekspert Vakulenko Rossiya allaqachon Hindistonga neft yetkazib berishni oshirganini eslatgan.

Ammo Rossiya o‘z neftini Osiyoga yo‘naltirishi ham tezda sodir bo‘ladigan ish emas. «Bu qimmat va ko‘p vaqt talab qilinadigan jarayon», deydi «Arikapital» boshqaruv kompaniyasi investitsion strategi Sergey Suvorov. Hali tankerlar tanqisligi, ularni sug‘urtalash borasida muammolar vaziyatni qiyinlashtirib yuborishi mumkin. YeI davlatlari Rossiya bayrog‘i bilan suzadigan kema va tankerlarni sug‘urtalashdan bosh tortish haqida o‘ylamoqda.

Foto: Getty Images

Shuningdek, ekspertlar neft narxi bu qadar yuqori bo‘lishi uzoq davom etmaydi deb hisoblamoqda. Sergey Vakulenkoning fikricha, yaqin bir yil ichida neft narxi qimmat bo‘lishi bu sohaga tikiladigan investitsiyalarni ham oshiradi. Natijada neft qazib olish hajmi oshadi. Bozorda neft ko‘p bo‘lgach, o‘z-o‘zidan narx tushadi. Uning fikricha, bu jarayon boshlangach, dunyo 2013 yilda bo‘lgani kabi holatni boshdan kechiradi. O‘shanda 15 yilga yaqin davom etgan qimmat neft davri tugab, sohaga kiritilgan investitsiyalar sabab qazib olish hajmi oshib ketgandi.

Ekspertlar fikricha, mana shu 1 yildan keyin bo‘lishi taxmin qilinayotgan jarayonda Rossiyaga oson bo‘lmaydi. Bu vaqtda rus neftining o‘rnini bosadigan boshqa manbalar paydo bo‘lib, undan voz kechish osonroq bo‘lib qoladi. Rossiya sanksiyalar sabab o‘z neftiga embargo kiritmagan davlatlarga ham neft yetkazib berishga qiynalib qoladi. Oqibatda esa Rossiya neftini oladigan sanoqli davlatlargina qoladi. Ya’ni Rossiya energiya resurslari sabab shart qo‘ya oladigan davlatlar soni kamayadi.

Yevropa davlatlari ham embargo oqibatida qiyinchilikka uchrashi mumkinligini unutmaslik kerak. Yevropa davlatlari ularga yanada ko‘p neft sota boshlagan Rossiyadan boshqa davlatlarning «asiriga aylanishi» hech gap emas. Bu davlatlar ham Rossiya kabi o‘z shartlarini qo‘ymasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Sergey Suverovning fikricha, Rossiya budjeti hamon neft eksportiga yaxshigina bog‘lanib qolgan. Joriy qilingan embargo Rossiya iqtisodiyotiga zarba berib, hatto defitsitga olib kelishi mumkin. Ekspertning taxminicha, hammasi baribir neft bozoridagi narxlarga bog‘liq.

Sergey Vakulenko Rossiya allaqachon o‘z neftini Brent markali neftga qaraganda sezilarli farqdagi yuqori chegirma bilan sotayotganini unutmaslik kerakligini aytmoqda. Ammo uning fikricha, ahvol barreliga 30 dollardan chegirma berishgacha bormaydi. Hozirgi narx bilan Rossiya neftning 1 barreli uchun o‘rtacha 90 dollardan olishda davom etadi. «Bu Rossiya uchun juda qulay narx. Ishonavering, 60 dollardan qimmat bo‘lgan har qanday narx Rossiya uchun qulay», deydi ekspert.

Mavzuga oid