Moliyaviy piramida uslubidagi firibgarlar davlat bog‘chalarida targ‘ibot boshladi
Mahalla raislari ham pul tikib, targ‘ib qilayotgan HNK media kompaniyasi ta’lim muassasalari, xususan, maktablar va bog‘chalarga qadar kirib bordi. Ushbu kompaniyaning arzimas “saxiyligi” ortida nimalar yashiringanini bilmagan pedagog va tarbiyachilar o‘zlari sezmagan holda ularning “nog‘orasiga o‘ynab” qo‘ymoqda. Aslida ularning bu harakati reklama qonunchiligiga ham zid.
HNK’ning “o‘xshamagan” bayonoti
Heineken (HNK) media kompaniyasi haqida Kun.uz oldinroq ham yozgandi. 2016 yilda tashkil etilgani va bosh qarorgohi London shahrida joylashgani, ta’sischilari Kevin Torn va Barri Jons ismli shaxslar ekani aytiladigan mazkur kompaniya video ko‘rish va ularga layk bosish orqali pul topishni targ‘ib qiladi.
Kevin Torn va Barri Jons bor shaxslarmi yoki aslida yo‘qmi, harqalay ularni O‘zbekistonda HNK’ga a’zo bo‘lganlarning hech biri ko‘rmagan.
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng HNK guruhlarida kompaniyaning bayonoti tarqatildi. Unda ushbu kompaniya odamlarga barqaror ish imkoniyatlarini taqdim etishi, ularga daromad olishga yordamlashishi hamda qo‘l mehnati qiyinchiliklaridan qochish imkonini berishi aytiladi.
“Ba’zi oflayn kompaniyalar HNK amaliyotlarini kamsitish va unga qarshi chiqishni boshladi. Ular odamlarni an’anaviy oflayn ish joylarini qadrlashga undashga harakat qilmoqda, lekin aslida ular odamlarning hayot sifati yaxshilanishini xohlamaydi. Ular hammaning boy bo‘lishini emas, balki odamlarning mehnatiga tayanishni xohlaydi”, deyiladi bayonotda.
Ammo kompaniya agar daromad shunchaki video ko‘rish orqali berilayotgan bo‘lsa, odamlar nega pul tikishi kerakligi, bunga qanday zarurat borligini ochiqlamagan.
Nishonda maktab va bog‘chalar
Xavotirlisi, faoliyati shubhali bo‘lgan va moliyaviy piramida ekani aniq ko‘rinib turgan HNK kompaniyasi imkon qadar ko‘proq odamni “to‘riga ilintirish” uchun arzimagan “saxiylik” bahonasida hatto ta’lim maskanlariga borib, targ‘ibot ishlarini amalga oshirmoqda. Ta’lim va tarbiya maskanlarining rahbarlari esa bunga ochiqchasiga yo‘l qo‘yib bermoqda.
Masalan, HNK vakillari turli hududlardagi maktablarga borib, go‘yoki xayriya tadbiri o‘tkazgan. Lekin shu bahonada o‘quvchilarga kompaniya logotipini ushlatib, targ‘ibot ishlarini olib borgan.
Kompaniyaning “qadami” hatto maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ham yetib borgan. Bog‘cha mudiralari va tarbiyachilar kompaniyaga qo‘shilishga chorlab, videoga ham tushib bermoqda.
Tadbirchi kim?
Maktab va bog‘chalarga borib, bunday ishlarni uyushtirib yurganlar kimlar? Albatta, bu ishi ortidan manfaat ko‘rayotgan odamlardir. HNK pardasi ortida turganlar ularga targ‘ibot tadbiri xarajatini qoplab berishadi va haq to‘lashadi. Ya’ni ular ushbu moliyaviy piramida domiga ko‘proq odamni tortishga xizmat qilib beradi.
Misol uchun, minglab odamlarni chuv tushirib ketgan Whats, Parker, Blue culture va boshqa shu kabi moliyaviy piramidalar “o‘lja to‘plash”da “bir piyola choy” usulidan foydalangan. Ya’ni go‘yoki odamlarga bayram tadbiri uyushtirib bergan bo‘lib, targ‘ibot ishlarini olib borgan. Tadbirni tashkillashtirgan odam esa xizmati uchun haq olgan.
HNK esa ayni shu ishni biroz boshqacharoq usulda, mahallalar, maktablar va hatto bog‘chalarga xayriya tadbiri uyushtirish niqobi ostida kirib borib, amalga oshiryapti. Afsuski, maktab direktorlari va bog‘cha mudiralari ularga eshik ochib bermoqda.
Reklama qonunchiligiga zid
Ta’lim va tarbiya maskanlarida bundan targ‘ibot ishlarining olib borilishi reklama qonunchiligiga zid hisoblanadi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasida voyaga yetmaganlarni tovarlarni olishga da’vat qilish yoki reklama qilinayotgan tovarlarni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga undash taqiqlanishi belgilangan.
HNK kompaniyasi esa bolalar orqali moliyaviy piramida targ‘ibotini bemalol olib bormoqda. Ushbu qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yib bergani uchun targ‘ibot tadbirlari uyushtirilgan ta’lim va tarbiya maskanlarining rahbarlariga intizomiy ta’sir choralari ko‘rilishi zarur. Yo‘qsa, bunday “aldanishga chorlash” targ‘iboti har bir maktab va bog‘chaga kirib borishi hamda navbatdagi chuv tushish ko‘lami AIF platformasinikidan ham kattaroq bo‘lishi mumkin.
Oldinroq HNK kompaniyasini hatto mahalla raislari ham targ‘ib qila boshlagani aytilgandi. Buxoro shahridagi To‘qimachi mahallasi raisi Sherzod Jumayev o‘zi ham ushbu o‘yinga qo‘shilganini ma’lum qilgan edi. “Tekshirib ko‘rdim, bu ishonchli ekan, O‘zbekiston bilan 2021-2031 yillarga shartnoma qilgan ekan. Guvohnomalarini ko‘rdim. O‘zim ham 360 ming so‘m bilan kirdim. Hali birinchi bosqichdaman”, degandi mahalla raisi.
Mavzuga oid
08:58 / 12.12.2024
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi
21:14 / 22.10.2024
Kun.uz ogohlantirgan Whats platformasi moliyaviy piramida ekanligi tasdiqlandi: IIV jinoyat ishi qo‘zg‘agan
22:25 / 20.10.2024
Firibgarlar Telegram orqali fotosurat ko‘rinishida virus yubormoqda
15:12 / 20.10.2024