O‘zbekiston | 19:54 / 03.08.2018
9441
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror: O‘zbekistonda «Business city» zamonaviy ishbilarmonlik markazlari quriladi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Respublika hududlarida «Business city» zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, respublika viloyatlari tuman hamda shaharlarida va Toshkent shahrida «Business sity» shaklidagi zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Belgilanishicha, tuman va shaharlarda «Business sity» markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi, respublika viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ularning konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasida muvofiqlashtirilgach qabul qilinadi.

«Business sity» markazlari hududida obektlarni qurish investorlar mablag‘lari, jumladan xayriya mablag‘lari, kreditlar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Business sity» markazlari faoliyatini samarali tashkil etishni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. 

2019 yilning 1 yanvariga qadar tegishli tuman va shaharlarda «Business sity» markazlarini barpo etish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinishi lozim.

«Business sity» markazlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida investorlar 2021 yilning 1 yanvariga qadar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariluvchi (ko‘rsatiluvchi) ishlar (xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. 

Mavzuga oid