27 oktabr ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloknot tutgan olti kishining ariq suvida dong qotgan holati tasvirlangan suratni muhokama qilishdi. Kun.uz muxbirlari surishtiruvi davomida ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani aniqlandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kun.uzʼga yetib kelgan axborotga ko‘ra, ariq suviga oyoq tiqqan kishilar Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — Sherzod Murodov, Tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — Sharof Ahmedov, “Ozod” MFYning oqsoqoli — Zokir Musabekov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligini rahbari — Abror Mavlonov, “Abdunosir” fermer xo‘jaligi rahbari (ismi Nosir) bo‘lib chiqdi.

Ma'lum qilinishicha, rahbarlar g‘allani o‘z vaqtida sug‘ormagan mas'ul va fermerlarni shu ko‘rinishda jazolagan. Ushbu ma'lumotni aniqlashtirish maqsadida 27 oktabr kuni kechki mahal Oqqo‘rg‘on tumaniga yo‘l oldik. Hokimlik binosi odamlar bilan gavjum bo‘lib turganidan angladikki, yig‘ilish endi yakuniga yetgan. Shu zahoti, tuman hokimi Farhod Omonov bizni qarshi olib, voqeaning tafsilotlarini aytishga tushib ketdi.

Oqqo‘rg‘on tuman hokimi Farhod Omonov

“G‘alla ekish bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari (Sherzod Murodov - tahr.) borganda, qilingan ishlarning barchasini tahlil qilmoqchi bo‘lgan. Ikki nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlari, o‘zining (qo‘l ostidagi) xodimlari, suv xo‘jaligi boshlig‘i bilan birgalikda bo‘lgan. G‘alla ekilgandan keyin, suv qo‘yilishi kerak. Lekin, g‘alla ekilgan joyda suv qo‘yilmagan, yonidagi ariqda esa suv oqib yotibdi.“Mana suv bor-ku! Nega suv qo‘ymaysan?”, degan payti, suvga o‘zi tushib ketgan. “Mana — suv! Bu yoqqa kel, sen ham suvni ko‘rgin”, deb turib, qolganlarni ham suvga...”, deydi u.

Omonovning aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov ushbu tekshiruvga rahbarlik qilgan va “g‘allaga bo‘lgan talabini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan”.

“G‘allani birinchigacha (1 noyabr - tahr.) ekib bo‘lishimiz kerak. Bu paytda sug‘orib, chiqarib yuborish kerak. Shunga, talab sal kuchaytirilgan. Noto‘g‘ri qilgan. Shuning uchun, biz buni muhokama qildik. O‘zidan tushuntirish xatini oldik. Bundan tashqari, eng kam ish haqining 5 baravarida ma'muriy jazoga tortildi. Bu voqea o‘tgan kuni, tushdan so‘ng bo‘lgandi”, deydi tuman hokimi Farhod Omonov.