Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasi rahbari bo‘ldi
Umrzoqov oxirgi uch yarim yil davomida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasining rahbari bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
«Prezident farmoni bilan Sardor O‘ktamovich Umrzoqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimidan ozod etildi», deyiladi xabarda.
8 iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbari lavozimida 2018 yildan buyon ishlab kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinov salomatligidagi muammo sabab sifatida keltirilgan holda ishdan ketkazilgandi. Nizomiddinov O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Sardor O‘ktamovich Umrzoqov 1977 yil 23 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (bakalavr) va Reding universitetini (Buyuk Britaniya, magistratura) tamomlagan. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.
2000-2003 yillar davomida Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tizimida (avvaliga bosh ofisda, so‘ng Samarqanddagi bo‘linmada) ishlagan. 2003 yilning noyabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London shahri) faoliyat boshlagan.
2007 yilda vatanga qaytgan Umrzoqov Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar G‘aznachiligi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2014-2017 yillarda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining maslahatchisi, 2017-2018 yillarda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Uyushma qayta tashkil etilib, “O‘zcharmsanoat”ga aylantirilgach, 2018-2019 yillarda unga raislik qilgan.
2019 yil 28 yanvarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan, 2020 yil 10 martda esa bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarilgan.
- UPD. Umrzoqovning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib Jamshid Xo‘jayev tayinlanmoqda.
Mavzuga oid
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
12:06 / 18.11.2024
O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Oksfordda malaka oshirishi mumkin
16:30 / 25.08.2023
Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi
19:24 / 17.08.2023