O‘zbekiston | 18:15 / 06.12.2023
10945
8 daqiqa o‘qiladi

«Tuproq sho‘rlanishi sabab O‘zbekiston yiliga 4 trillion so‘m zarar ko‘rmoqda» - Oybek Soatov

O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘pi turli darajada sho‘rlangan. Vaqtida oldi olinmasa, kuchli sho‘rlangan yerlarda hosildorlik 70-80 foizgacha qisqarib ketishi mumkin. Kun.uz bu muammo atrofidagi savollarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Oybek Soatovdan javob oldi.

— Tadqiqotlarga ko‘ra, respublikadagi sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangan. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 45 foizni tashkil qilgan. Sho‘rlanishning bu suratda davom etishi yaqin yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligi uchun qanchalik xavf tug‘diradi?

— 5 dekabr BMT tomonidan Butunjahon tuproq kuni deb e’lon qilingan. Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 4,3 mln gektar yerda melioratsiya tadbirlari amalga oshiriladi. Vazirlikning 2020-2030 yillarga bag‘ishlangan suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi bor. Shu konsepsiyada sho‘rlangan yerlar 44,7 foiz deb ko‘rsatilgan. Ayni paytda, Oliy Majlis Senatida “Tuproqlarni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tasdiqlandi. Aynan sug‘oriladigan yerlarga nisbatan sho‘rlanish darajasi 53 foizni tashkil etadi. Ammo tadqiqotlarga ko‘ra, bizda qilinayotgan tadbirlar natijasida sho‘rlanish darajasi kamayyapti.

Sho‘rlanish qishloq xo‘jaligi orqali iqtisodiyotga sezirlarli ta’sir ko‘rsatadi. Sho‘r yuvish tadbirlarini amalga oshirmasak, kuchsiz sho‘rlangan yerda 15 foiz, o‘rta sho‘rlangan yerlarda 30 foiz, kuchli sho‘rlangan yerlarda 70-80 foizgacha hosil yo‘qotamiz. Shuning uchun tuproqdan foydalanishda qish va bahor mavsumida sho‘r yuvish tadbirlari muhim hisoblanadi.

Sho‘r yuvish jarayonlari ham ma’lum iqtisodiy zararlar olib kelishi mumkin. Chunki sho‘r yuvish tadbirlari uchun 5,5 mln kub suv sarf qilamiz. Buncha suvni olib kelish, saqlash kabi holatlar bor. Kuchli sho‘rlangan yerlarni ham birdan sog‘lom yerga aylantirib bo‘lmaydi, kuchsiz sho‘rlangan darajaga tushiriladi va baribir ma’lum miqdorda hosil yo‘qotiladi. Bu narsalarni sho‘rlanish bo‘yicha ish olib borayotgan olimlarimiz ham tekshirib ko‘rishgan.

Aytganimdek, bizda sho‘rlanish kamayish jarayonida. Chunki oxirgi yillarda yerning holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar ko‘paydi, budjetdan ko‘proq mablag‘lar ajratilyapti. 24 noyabr kuni tuproqlarni muhofaza qilish va ularning holatini yaxshilash bo‘yicha qonun ham tasdiqlandi.

Oybek Soatov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i / Foto: Kun.uz

— Sho‘rlanishni yuzaga keltirayotgan asosiy omillar nima?

— Sho‘rlanish 2 turga bo‘linadi: birlamchi sho‘rlanish va inson omili orqali sho‘rlanish. Birlamchi sho‘rlanishda issiq tufayli yerdagi namlik ko‘tarilib, sho‘rlik yuzaga chiqib qolishi nazarda tutiladi. Inson omili orqali sho‘rlanishda esa noto‘g‘ri sug‘orish, agrotexnik tadbirlarni, yer o‘zlashtirishni noto‘g‘ri amalga oshirish kabi omillar asosida paydo bo‘ladi.

Sho‘rlanishning asosiy nuqtasi Orolbo‘yi hududlari hisoblanadi. Agar sho‘rlanishning oldi olinmasa, yerlar ekib bo‘lmaydigan holatga keladi.

— Ekin yerlarida sho‘r yuvish uchun ko‘p miqdorda suv ishlatiladi. Mintaqada suv muammosi yuzaga kelayotgan bugungi davrda sho‘rlanishga qarshi kurashishning muqobil variantlari bormi? Suvning kamayishi sho‘rlanish darajasi keskin ortib ketish xavfini yuzaga keltirmaydimi?

— Agar sho‘rni yuvmasak, sho‘rlanish ortib ketadi. Ayni vaqtda qishloq xo‘jaligiga umumiy 40 mln kub suv talab qilinadi, shundan 5,5 mln kubi sho‘r yuvish uchun. Yaqin yillarda bu bo‘yicha suv tanqisligi bo‘lmaydi, menimcha. Lekin bu tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishimiz kerak. Agar rostdan suv tanqis bo‘lib, sho‘r yuvishga imkon bo‘lmasa, bunday yerlarda ekin ekishga hojat bo‘lmaydi, chunki aytganimdek, 70-80 foiz hosil yo‘qotiladi.

Sho‘r yuvish jarayoni janubiy hududlarimizda dekabr va yanvar oylarida bo‘ladi, shimoliy hududlarimizda esa yanvar oyidan mart oyigacha amalga oshiriladi. Sho‘r yuvish uchun yerlarda katta “pol”lar hosil qilinadi va suvga to‘ldiriladi. Suv esa yer yuzasidagi sho‘rni o‘zi bilan pastga tushirib ketadi. Kuchli sho‘rlangan joylarda bu jarayon 4-5 marta qaytariladi. Sho‘r yuvilgach, ortiqcha suvlar zovurlar orqali chiqib ketadi.

— Sho‘rlanish ortidan ishdan chiqqan ekin maydonlardan samarali foydalanish, xususan, sho‘rhok yerlarga moslashgan ekinlar yetishtirish borasida ilmiy izlanishlar olib borilganmi?

— Bizning hududda sho‘rlanish miqdori ko‘p bo‘lgani uchun bizdagi ilmiy tadqiqotlar sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar borasida olib boriladi. Masalan, Paxta urug‘chiligi va agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti tomonidan ham paxtaning bir qancha issiqsevar, chidamli turlari yaratilgan. Tuproqshunoslik institutining tadqiqotlarida ayrim galofedlar bor, ular ham o‘simliklar. Ular aynan sho‘r joyda o‘sadi va o‘sha yerning tuzini kamaytiradi.

Bundan tashqari, O‘zFAning biosolven kompozitsiyasi bor, agar bu amaliyot qo‘llanilsa, suv sarfi ham kamayadi, sho‘rlik ham pasayadi. Bunaqa tadqiqotlar juda ko‘p amalga oshirilgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi shu tadqiqotlarning eng yaxshilarini kattaroq maydonlarda sinovdan o‘tkazishni rejalashtiryapti. Jami 400 gektar maydonda o‘simliklarni, preparatlarni, usullarni qo‘llab ko‘rish bo‘yicha dasturlar belgilab olganmiz.

— O‘zbekiston ekin maydonlarining sho‘rlanishi ortidan nimalar yo‘qotmoqda?

— Taxminiy hisob-kitoblar qilingan. Paxta misolida olsak, har yili 1 mln gektarga paxta ekiladi, uning 40 foizi sho‘rlangan yerlarga to‘g‘ri keladi. Yuqorida aytganimdek, yuqori va o‘rta darajada sho‘rlangan yerlar sho‘r yuvishdan keyin ham kam sho‘rlangan darajaga tushishini hisobga olsak, ma’lum miqdorda hosilni yo‘qotamiz. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, ya’ni sho‘r yuvishni ham xisobga olsak, paxtaning o‘zidan 800 mlrd so‘mlik zarar bo‘ladi. G‘allachilikda yiliga 1,26 mln gektar yerga g‘alla ekiladi. Bunda ham 200-300 ming gektar maydon kuchli sho‘rlangan yerlar bo‘ladi, yuvilgandan keyin 15 foiz hosil yo‘qotiladi va 500 mlrd so‘mlik zarar bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat har yili barcha ekin turlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasida 4 trillion so‘mdan ko‘proq zarar ko‘rmoqda.

  • Intervyuning to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi – Nizomjon Toshpo‘latov.

Mavzuga oid