28 mart kuni Kun.uz muxbiri Toshkent viloyati O‘rtasaroy hududida tashkil etilgan karantin hududi bilan yaqindan tanishdi. Moslashtirilgan konteynerlardan tayyorlangan o‘ziga xos yashash xonalari barcha zaruriy maishiy texnika hamda gigiyenik vositalar bilan jihozlangan.

Obektda ishlarni tashkil etish va bajarishga Qurilish vaziri o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatov mas'ul etib biriktirilgan.

Sherzod Hidoyatov

«Prezidentimiz topshirig‘i bilan, mana shu hududda bir vaqtda 10 ming kishini qabul qilish imkoniga ega karantin hududi tashkil etilishi belgilangan.

Ayni paytda hududning 650 kishi uchun mo‘ljallangan birinchi bloki foydalanishga topshirildi. Shuningdek, hududning ikkinchi bloki 29 martga o‘tar kechasi foydalanishga topshiriladi», – deydi vazir o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.

Ta'kidlanishicha, karantin hududiga, asosan, xorijdan maxsus reys bilan evakuatsiya qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolari hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar joylashtirilmoqda.

Agar ularda kasallik simptomlari kuzatilsa, kuzatuvdagi shaxslar zudlik bilan maxsus shifoxonaga o‘tkaziladi. Ularning salomatligi hududda yashayotgan tibbiyot xodimlari nazoratida.

«Yer va montaj ishlari tayyorlanishi bilan, Toshkent shahridagi Toshkent mexanika zavodida tayyorlangan konteynerlar yuk mashinalarda O‘rtasaroyga keltirilmoqda», – deya qo‘shimcha qildi Hidoyatov.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, Toshkent mexanika zavodida birlamchi xizmatga uch mingga yaqin ishchi jalb etilgan. Shuningdek, O‘rtasaroy hududida 2,5 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilyapti. Ularning salomatligini saqlash maqsadida, bloklar orasida 100 metr oraliq masofa saqlanmoqda. Bu bilan karantinga olingan shaxslar yashash joyidan uzoqda ish tashkil etishga erishilgan.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatovning ta'kidlashicha , qurilish obekti shaxsan hukumat rahbari Abdulla Aripov nazoratida. Qurilish materiallari va moliyalash manbalari bilan muammo yo‘q.