O‘zbekiston | 16:11 / 19.10.2018
69742
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishiga start berdi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekistondagi ilk AES qurilishiga start berildi.

Bugun, 19 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasida birinchi AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishini boshlab berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Tadbir bo‘lg‘usi atom elektr stansiyasini qurish uchun maydon tanlashda muhandislik tadqiqotlarining boshlanishini belgilab berdi.

AESning qurilish loyihasi SSER-1200 rusumdagi reaktorlar bilan jihozlangan ikkita energoblokning qurilishini o‘z ichiga oladi. Mazkur energobloklar 3+ avlodiga tegishli bo‘lib, zamonaviy texnologiyalarning ishonchliligini sezilarli darajada oshirgan holda, AEXAning zamonaviy xavfsizlik talablariga to‘la javob beradi.

«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, tantanali marosim tadqiqot ishlari olib borilayotgan maydonlardan biri va Toshkent o‘rtasida o‘rnatilgan tele ko‘prik orqali bo‘lib o‘tdi.

Teleko‘prik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin loyihaning amalga oshirilishiga start berishdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonov va «Rosatom» Davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov loyihani amalga oshirishni boshlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgani borasida hududdagi maydondan hisobot berishdi.

Foto: O‘zatom matbuot xizmati

Marosimdagi nutqlardan so‘ng ikki davlat rahbarlari ramziy tugmani bosish orqali, seysmologiya, geologiya, ekologiya va iqtisodiy jihatdan muvofiqligi o‘rganilgandan so‘ng tanlab olingan ustuvor yer maydonlardan biridagi tuproq namunalarini olish uchun burg‘ilash ishlariga start berdi.

Maydonda o‘tkazilgan marosimda mansabdor shaxslar, «O‘zatom» O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirish agentligi va «Rosatom» Rossiya davlat korporatsiyasi rahbarlari va mutaxassislari, muhandislar, loyiha tuzuvchi mutaxassislar, viloyat ma'muriyati vakillari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalliy aholi va jurnalistlar ishtirok etdi. 

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning atom energetikasi sohasini yaratish va rivojlantirish tashabbusi mamlakat energetika sohasidagi yangi pallani belgilab beradi hamda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va aholi farovonligiga turtki bo‘ladi», deb ta'kidladi Alisher Sultonov o‘z nutqida.

«O‘zbekiston va Rossiyaning atom sohasidagi hamkorligi yarim asrdan ortiq davom etib kelmoqda va biz O‘zbekiston birinchi atom elektr stansiyasining qurilishi uchun aynan Rossiya texnologiyasini tanlaganidan faxrlanamiz. “Rosatom” O‘zbekistonda barcha halqaro xavfsizlik talablariga javob beradigan dunyodagi eng ilg‘or 3+avlodiga mansub SSER-1200 rusumli reaktorlar bilan jihozlangan ikkita energoblokli atom elektr stansiyasini  barpo etadi», degan «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyov.

Shuningdek, tadbir doirasida «Rosatom», O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va «O‘zatom» agentligi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, atom energetikasi sohasi va u bilan bog‘liq sohalar uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik olib boriladi.

Memorandum, shuningdek, Toshkentda Moskva Muhandislik-fizika intitutining Milliy tadqiqot yadro universiteti bo‘linmasini ochish bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, «Rosatom» va «O‘zatom» rahbarlari Aleksey Lixachyov va Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasiga oid ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv Memorandumini imzoladi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda atom energetikasini ommalashtirish va aholini zamonaviy yadro-energetik texnologiyalar borasida xabardor etish, milliy OAV vakillarini tayyorlash, qo‘shma tematik anjumanlarni tashkil etish va o‘tkazish hamda O‘zbekiston hududida ijtimoiy va ta'lim loyihalarini amalga oshirish kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni tashkil etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 29 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish sohasida Bitim imzolangan edi.

2018 yil 19 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom agentligi)ni tashkil etish bo‘yicha farmoni chiqarildi.

2018 yilning 7 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Oripov Rossiya loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitimni imzolashdi. Loyiha SSER-1200 rusumdagi reaktorlarga ega ikkita energoblok qurilishini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 oktabrdagi 3969-son qarori bilan imzolangan Bitim kuchga kirdi.

O‘zbekistondagi AESning birinchi energobloki 2028 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 

Avvalroq Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l atrofidagi hududlar AES qurilishi uchun salohiyatli maydon sifatida ko‘rilayotgani ma'lum qilingan edi.

Ushbu AES qurilishi 11 milliard dollarga baholangan.

Mavzuga oid