Dollar kursi 11700 so‘mdan oshdi. Uy-joy bozorida narx pufagi paydo bo‘lyapti. Eng katta banklardan biri g‘alati tarzda xususiylashtirilishi mumkin. Prezident soliqchilarni jiddiy tanqid qildi. Hukumatning iqtisodiy blokida rokirovka. Kun.uz hafta iqtisodiy yangiliklarini iqtisodchi Otabek Bakirov bilan tahlil qildi.

O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlardan 7 oy o‘tib, iqtisodiy sohani muvofiqlashtiruvchi iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev yana Soliq qo‘mitasiga qaytdi. Ayni vaqtda Soliq qo‘mitasi yana mustaqil tuzilma bo‘lib, vazirlik tarkibidan chiqarildi. Jamshid Qo‘chqorov esa iqtisodiyot va moliya vaziri bo‘ldi.

— Tajribalar faqat muvaffaqiyatlardan iborat bo‘lmaydi. Ayrim hollarda xatolar ham anglashiladi. Xatolar birinchi marta qilingan bo‘lsa, ular kechiriladi. Oldinga qarab qadam bosishda davom etish kerak. Adminreforma doirasida iqtisodiy blokda mavjud bo‘lgan idoralarning bitta supervazirlikka birlashtirilishi xato edi. Adminreformaning birinchi kunlaridayoq juda ko‘p ekspertlar bu haqda aytdi. Qarshi argument o‘laroq Fransiyada shunday tajriba borligi aytildi, lekin fransuz tajribasining qolgan qismi ham bor: ularda yagona vazirlikka birlashtirilgan departamentlar mutlaq avtonomiyaga ega. Ular bir-biriga muvozanatli va mustaqil qarorlar qabul qila oladi. Bizning sharoitimizda esa daromadlarni ham, budjet xarajatlarini ham bitta vazirlik ostida nazorat qiladigan, boshqariladigan vazirlikka aylantirilishi to‘g‘ri ish bo‘lmagani aniq edi. Va bu amaliyotda tushunib yetildi.

Hozir iqtisodiyotimiz va budjet muvozanatida yuzaga kelayotgan qator muammolar ham xato ma’muriy qadamning aks-sadolaridan biri hisoblanadi. Masalaga qaytadigan bo‘lsak, bu ajralish shu bilan yakunlanmasligi kerak. Chunki hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibida bojxona qo‘mitasi saqlanib turibdi, u ham daromad shakllantiradigan davlat idorasidir. Iqtisodiyot va moliya vazirligidagi funksiyalar vertikali o‘zgartirishlarda davom etsa kerak. Muvaffaqiyatli moliya va fiskal boshqaruv prinsiplariga ko‘ra, daromad topuvchilar taqsimlovchilarga, yoki taqsimlovchilar daromad topuvchilarga aylanmasligi kerak, deydi Otabek Bakirov.