27 iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu qaror qabul qilingan yig‘ilishdan keyin an’anaga ko‘ra boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

– So‘mning dollarga nisbatan o‘zgarishi qanday prognoz qilinyapti?

– So‘mning dollarga nisbatan kursi valuta bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib shakllanyapti. Ma’lum darajada import hajmining oshishi milliy valutaga bosim o‘tkazyapti.

Ko‘plab importchilar yilning ushbu davrida tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiradi. O‘tgan yillar bilan solishtirganda, yilning shu davrida shunday mavsumiylik kuzatilgan. Agar 2019, 2020 va 2021 yillarga qarasangiz, aynan shu davrda, ikkinchi chorak oxiri va uchinchi chorak boshida importimiz oshadi. Bu valuta bozorida ma’lum bosimni yuzaga keltiradi. Biroq bu jarayon milliy valutaning qadrsizlanishiga olib kelmaydi. Chunki tijorat banklari va korporativ mijozlar xorijiy valutani erkin sotish va sotib olish uchun tegishli likvidlikka ega. Bugungi valuta kursi tashqi savdo operatsiyalarining haqiqiy aksidir.

– Budjet defitsiti narxlar barqarorligiga ta’sir qiladi. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qanchalik yaqin aloqada? Vazirlik davlat budjeti bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmay qo‘ydi. Hukumat budjet defitsiti bo‘yicha qonunda belgilangan 3 foizlik cheklovga rioya qila olyaptimi?

– Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan yaqin aloqadamiz. Biz tomonimizdan xizmat ko‘rsatiladigan yagona g‘aznachilik hisobi orqali budjet bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib bora olamiz. Boshqa yillar bilan solishtirganda bu yil birinchi yarim yillikda xarajatlarning ortishi bo‘lgani rost, bu birinchi navbatda gaz importi hajmi oshishi bilan bog‘liq.

Gazning jahon bozoridagi, ya’ni shartnomalarda ko‘rsatilgan narxi bilan ichki narx o‘rtasidagi tafovut budjet hisobidan qoplanadi. Shunday obektiv shartlar tufayli birinchi yarim yillikdagi xarajatlar avvalgi yillardan ko‘ra biroz yuqori bo‘ldi.

Koordinatsiyaga kelsak, biz har oy vazirlikka inflatsiya, budjet ijrosi va boshqa masalalardagi o‘z qarashlarimiz yuzasidan hisobot berib boramiz.

– Rossiya rublining qadrsizlanishi bizning iqtisodiyotimizga qanday ta’sir qiladi?

– Doimiy ikkinchi yirik iqtisodiy hamkorimizda pulning qadrsizlanishi bizga ham ta’sir qiladi. Qaysi ma’noda? Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalarining kamayishiga ta’sir qiladi. Men hali ta’kidladimki, dastlabki 6 oyda davomida pul o‘tkazmalari 5,1 mlrd dollar atrofida bo‘ldi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 6,5 mlrd edi. Bu kamayish o‘tgan yilgi o‘tkazmalar hajmi noodatiy ravishda yuqori bo‘lgani bilan bog‘liq.