16:39 / 04.05.2023
25642

Sud pedofil amaldorlar ishini ko‘rib chiqishni boshladi – Oliy sud sudyasi

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishi doirasidagi aybdorlar – voyaga yetmagan qizlarni oylar davomida jinsiy aloqaga majburlab kelgan ikki sobiq mansabdor hamon ochiqlikda qolmoqda.

Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi shu uyda faoliyat yuritgan. Uy ijaraga olingan. / Foto: Kun.uz

Xorazmdagi oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan qizlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat ishini apellyatsiya sudida ko‘rib chiqish 27 aprel kuni boshlangan. Sud jarayoni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz'ga Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Akrom O‘tayev ma’lum qildi.

“Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyining sobiq rahbari Yulduz Xudoyberganova birinchi instansiya sudi tomonidan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lib, 27 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida uni ayni paytda jazoni o‘tayotgan joyda Toshkent shahriga keltirish haqida qaror chiqarilgan. Sudning navbatdagi majlisi 4 mayga belgilangan”, deydi Akrom O‘tayev.

Oliy sud mulozimiga ko‘ra, Urganchdagi oilaviy mehribonlik uyining 15-17 yoshli tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgan, ushbu jinoyati uchun birinchi instansiya sudi tomonidan 1,5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov ayni payt ochiqlikda bo‘lib, ularga nisbatan qamoqqa olish bilan bog‘liq ehtiyot chorasi qo‘llanmagan.

Sudya buni sud jarayoni endigina boshlangani, hali ikki mansabdor shaxs sudga ham chaqirilmagani bilan izohladi. Uning tushuntirishicha, Yulduz Xudoyberganova Xorazmdagi jazoni ijro etish muassasasidan Toshkent shahriga ko‘chirib keltirilgandan so‘ng sudda dastavval uning ko‘rsatmalari tinglanadi. So‘ngra jinoyat ishidagi boshqa ayblanuvchilar, jabrlanuvchilar va guvohlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda so‘roq qilinadi, ko‘rsatma beradi.

Eslatib o‘tamiz, jamoatchilik Xorazmdagi oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan sodir etilgan jirkanch jinoyat ishi tafsilotlaridan “Sukut saqlama” loyihasi orqali xabar topgandi. Bu vaqtda birinchi instansiya sudining hukmi chiqqanidan 7 oy o‘tgandi.

Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi shu uyda faoliyat yuritgan. Uy ijaraga olingan. Foto: Kun.uz

Birinchi instansiya sudining hukmi o‘tgan yili sentabrda qabul qilingan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib ish Xorazm viloyati sudida apellyatsiya tartibida qayta ko‘rilgan. E’tiborlisi, apellyatsiyaga arizani uch nafar jinoyatchining o‘zi bergan. Ya’ni mudira 5,5 yillik qamoq jazosini, ikki amaldor esa 1,5 yil davomida “tungi vaqtda uydan chiqmasang bo‘ldi” degan yengil jazo yanayam yumshatilishiga umid qilgan. Viloyat sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Jinsiy jinoyatlar oylar mobaynida davom etib kelgani, sud esa sobiq amaldorlarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlagani rezonansga sabab bo‘ldi. 6 aprel kuni ish Oliy sudda ko‘rib chiqildi.

Oliy suddagi yopiq majlisda Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimining Oybek Masharipov va Anvar Quryazovga oid qismi bekor qilinib, ish apellyatsiya instansiyasi sudida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi. Yulduz Xudoyberganovaga tayinlangan 5,5 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldiriladi.

11 aprel kuni mazkur apellyatsiya sudi poytaxtga ko‘chirilgani, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining sobiq rahbari Toshkent shahar sudida boshqatdan sud qilinishi ma’lum qilindi.

Top