Nashrning tasdiqlashicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va UQK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi munosabatlar atrofdagilar tomonidan «qo‘rqinchli» deb baholanmoqda.
Qarshi hujum yakunlari bo‘yicha bahslar
Ularning o‘rtasidagi kelishmovchilik haqidagi ilk xabarlar o‘tgan yil yozidayoq paydo bo‘lgandi. Zalujniyning shu yil kuzida Economist nashriga bergan ochiq intervyusi, unda u urushdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida aytgandi, mojaroni omma e’tiboriga olib chiqdi, deya yozadi Economist.
Zelenskiy dastlab Zalujniyning materialiga ochiqchasiga javob qaytardi. Keyinroq bergan intervyusida esa bosh qo‘mondonni siyosatga aralashmasdan, harbiy ishlar bilan shug‘ullanish lozimligidan ogohlantirdi.
Hukumatdagi yuqori martabali mulozimlardan biri Economist jurnalistlariga prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasidagi ochiq mojaro — qarshi hujum reja bo‘yicha ketmagani va to‘xtab qolganidan keyin kutilgan natija ekanini aytgan.
Uning fikricha, Zalujniy, prezidentning optimistik pozitsiyasiga omma oldida e’tiroz bildirib, o‘zini unchalik aqlli tutmagan bo‘lishi mumkin, ammo hukumatda uning mulohazalarini inkor eta oladiganlar juda kam.
Uning kuzatishlariga ko‘ra, hozir Ukrainada «Kim aybdor?» o‘yini o‘ynalmoqda va frontdagi muvaffaqiyatsizliklar uchun kim mas’ul ekani aniqlanmoqda. «Siyosatchilar o‘z generallarini — sovetlar tayyorlagan ahmoqlar deb aytyapti. Generallar esa siyosatchilarni — ularning ishiga aralashayotgan notavonlar deyapti. G‘alabaning egasi hamisha ko‘p bo‘ladi, ammo hech kim boshi berk ko‘cha uchun javob berishni xohlamaydi», — deya vaziyatni tasvirlagan nashr suhbatdoshi.
Janub mudofaasi ishi
Yana bir muhim omil — Ukraina janubi mudofaasi bo‘yicha jinoiy ish, deyiladi maqolada. Bu hududda 2022 yil fevral va mart oylarida Rossiya qo‘shini tezkor va muhim g‘alabaga erishgandi, deya eslatadi Economist.
Rossiyaliklarning yurishi muvaffaqiyatli chiqishiga ukrain harbiylari qochib ketishi, mudofaa rejalariga zid ravishda ko‘priklar portlatilmagani, armiyaning tayyorgarligi yomonligi sabab bo‘lgandi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Zalujniy hozirda tergovda guvoh sifatida qatnashmoqda, ammo «bu jiddiyroq narsaga aylanishi mumkin» va ayblov e’lon qilinishi xavfi Zalujniyni tiyib turish uchun kerak, deya yozadi Economist. Bosh qo‘mondonning OAVdagi chiqishlarini esa o‘zini sug‘urta qilishga urinish sifatida baholash mumkin, deya taxmin qiladi Ukraina bosh shtabidagi manba.


















