O‘zbekiston | 11:54 / 30.01.2023
108671
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Mavjuda Mirzayeva ham «Kompromat ishi» doirasida hibsga olingan

Jurnalist Mavjuda Mirzayeva ikki kundan buyon aloqaga chiqmayapti. Bu oldinroq boshqa bir jurnalist Xurshid Daliyev qo‘lga olingani bilan bog‘liq.

Mavjuda Mirzayeva / Foto: AOKA

Sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva «Kompromat ishi» doirasida hibsga olingan. Bu haqda ish tafsilotlaridan xabardor manbalar Kun.uz’ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, Mavjuda Mirzayeva ayni paytda DXX tergov hibsxonasida tergov qilinmoqda. Unga nisbatan 10 kunlik hibs bo‘yicha sud sanksiyasi ham bor.

Mirzayeva DXX hibsxonasida qolayotgani haqidagi ma’lumotni uning qizi Zarina Mirzayeva ham tasdiqlagan. U ikki kundan buyon onasi bilan ko‘risha olmagan.

«Uyda yolg‘izman, ikki kishi turardik. Onamning hozirgi ahvolidan qattiq xavotirdaman. Nega bizga – yaqinlariga ish bo‘yicha biror ma’lumot berishmayapti. Eshitishimcha, o‘n kun tergov bo‘lar ekan», – degan u.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, ushbu ish doirasida yana bir davlat tashkilotining matbuot xizmati rahbari ham tergovga tortilgani aytilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 27 yanvar kuni Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari nashr ofisidan olib ketilgandi.
  • DXX Xurshid Daliyev va «davlat tashkilotlarida ishlovchi boshqa shaxslar» Telegram'dagi Kompromatuzb va boshqa kanallar orqali sodir etilgan jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanayotganini ma’lum qilgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
  • So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Muslim Mirzajonov va Human.uz saytining yana 4 nafar xodimi qo‘yib yuborilgan. 

Mavzuga oid