Vadim Abramovning aytishicha, yig‘in davomida JCh-2022 saralashining Saudiyada o‘tkaziladigan mini-turniriga boradigan tarkibda o‘zgarish bo‘ladi. Murabbiy Murod Xolmuhammedov «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yinda jarohat olgani, Lutfulla To‘rayev esa oxirgi vaqtlarda uncha yaxshi ko‘rinmayotgani uchun yig‘inga olib ketilmasligini aytdi. Murabbiyning fikricha, Lutfulla To‘rayevning hozirgi holatidan kelib chiqib, undan Saudiyadagi qiyin ob-havo sharoitida foydalanish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Jasur Yaxshiboyev va Oston O‘runov ham jarohat sabab yig‘inga chaqirilmagan.
Milliy jamoa yig‘iniga «Bunyodkor» darvozaboni Ravshan Yagudin va OKMK posboni Valijon Rahimov chaqirilgani ham ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Chunki Yagudin chempionat o‘yinlarida o‘zini aytarli ko‘rsatib ulgurmagan bo‘lsa, OChLdagi ishtirokini yaxshi boshlagan Valijon Rahimov keyinchalik jamoasining asosiy darvozaboni bo‘lmay qoldi. Murabbiy Rahimovni bo‘yi baland bo‘lgani uchun, Yagudinni esa oyoq bilan yaxshi o‘ynay olishi uchun chaqirganini va ular yakuniy tarkibdan tushib qolishi mumkinligini aytdi.

Milliy jamoa ustozi darvoza va markaziy himoyani ayni damdagi asosiy muammo deb atadi. U «Paxtakor» sardori Yegor Krimetsni nega milliy jamoaga chaqirilmaganini uning oxirgi o‘yinlarda qatnashmayotgani bilan izohladi. Murabbiy yana bir jihatga e'tibor berdi. Milliy jamoaga Koreya chempionatidan futbolchilar jalb etilgan va ular Saudiyada O‘zbekiston vaqti bilan 23:00 da maydonga tushishi kerak bo‘ladi. Bu vaqtda ular hozir ko‘nikib yurgan Koreyada tungi soat 03:00 bo‘ladi. Bunday vaqt o‘zgarishiga moslashish uchun esa vaqt ketadi. Shu sabab Abramov barcha futbolchiga alohida yondashish kerakligini aytdi.
Vadim Abramov suhbat davomida qiziq ma'lumotni aytdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Dubayda Avstraliyaga qarshi 30 daqiqadan uchta taymdan iborat o‘yin o‘tkazadi. Murabbiy avstraliyalik hamkasbi bilan shunday kelishganini aytdi. Kelishuvga ko‘ra, Avstraliya barcha taymlarda har xil tarkib bilan o‘ynaydi. Abramov ham bu o‘yinlarda har xil tarkibni tushirish orqali futbolchilarning kuchini sinab oladi.
Abramov Odil Ahmedov qovurg‘asida jarohat bo‘lishiga qaramay milliy jamoaga chaqirilganini ayti. Uning fikricha, Ahmedovning jamoada bo‘lganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Murabbiy hujum chizig‘idan va undagi raqobatdan ko‘ngli to‘layotganini aytib, xususan, Temurxo‘ja Abduxoliqov yaxshi formaga kirib borayotganini ta'kidladi. Farrux Ikromovga esa murabbiy shunday ta'rif berdi: «Bu futbolchi kerak bo‘lsa, hammani hayratda qoldirishi mumkin, biroq o‘yini chiqmay, yo‘qolib qolishi ham hech gap emas. Bir so‘z bilan aytganda, nostandart futbolchi».










