IIV YHXBB boshlig‘i polkovnik Olim Saidov mashinani mast holda boshqarish jinoyat ekanligi, bu borada Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga jazoni og‘irlashtiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritilganini aytib o‘tdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov spirtli ichimlik iste’mol qilib rul boshqarayotgan haydovchilarga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishni taklif etdi.

Ayni paytda mast holatda transport vositasini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga ko‘ra, transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari (6 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ayrim davlatlarda mast haydovchilarga darhol jinoiy javobgarlik qo‘llanadi.

Rossiyada mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun 30 ming rubl jarima solinadi, shuningdek, 2 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish bilan jazolanadi. Deputatlar jarima miqdorini 100 ming rublgacha ko‘paytirish, haydovchilik huquqidan mahrum qilishni uch yilgacha uzaytirishni taklif etishmoqda.

2010 yil avgustida AQShda jahonda ilk bor mast haydovchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bungacha Texas shtatida yashovchi Bobbi Stovall rulga to‘qqiz marta mast holatda o‘tirib qo‘lga tushgan. Okrug prokurori Jon Bredli o‘z qarorini shunday tushuntirgan: «U kimnidir o‘ldirib qo‘yishidan avval, biz uni to‘xtatishga qaror qildik».