18:06 / 05.08.2021
32254

Qashqadaryoda Isuzu bilan to‘qnashgan Lacetti yonib ketdi. 4 kishi vafot etdi

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida Lacetti va Isuzu yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda Lacetti’da yong‘in sodir bo‘lib, uning ichida bo‘lgan 4 nafar odam kuyib vafot etgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun 5 avgust kuni, M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 53 yoshli fuqaro Sh.K. boshqaruvidagi Lacetti Termiz-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib borayotgan Xorazm viloyatida yashovchi 23 yoshli haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Isuzu yuk mashinasiga urilgan.

To‘qnashuv oqibatida Lacetti mashinasida yong‘in kelib chiqqan va uning ichida bo‘lgan to‘rt nafar fuqaro tanib bo‘lmas darajada kuyib vafot etgan. 

Dehqonobod tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas'uli O‘.Yo‘ldoshevning aytishicha, yong‘in haqidagi xabar tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga 14:25 da kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga 14:27 da yetib borib, yong‘in 14:29 da qurshab olingan va 14:45 da o‘chirilgan.

Tuman IIB xodimlari bilan suhbatlashgan Isuzu haydovchisining ma'lumot berishicha, Lacetti mashinasini boshqarib ketayotgan haydovchi katta ehtimol bilan uxlab qolgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
 
Qayd etilishicha, hozirda hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top