Sport | 08:30 / 01.12.2018
8485
2 daqiqa o‘qiladi

O‘smirlar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasi. O‘zbekiston Hindiston va Ukrainani mag‘lubiyatga uchratdi

Turkiyaning Konya shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Butunjahon olimpiadasi davom etmoqda.

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 30 noyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi 6- va 7-turlarni o‘tkazdi.

O‘zbekistonlik yosh iqtidor egalari oltinchi turda Hindiston termasini 3-1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati

Nodirbek Abdusattorov (2560) birinchi doskada qora donalarda Arjun Erigaisiga (2531) mag‘lub bo‘ldi. Nodirbek Yoqubboyev (2549) ikkinchi doskada oq donalarda Pannirselvam Iniyanni (2468) taslim etdi. Javohir Sindorov (2513) uchinchi doskada qoralarda Gupta Sankalpni (2352) mag‘lubiyatga uchratdi. Shamsiddin Vohidov (2456) to‘rtinchi doskada oq donalarda Chatterji Kustav (2346) ustidan zafar quchdi.

O‘zbekiston terma jamoasi yettinchi turda Ukraina bilan to‘qnash keldi. Mamlakatimiz shaxmatchilari bu bahsda 3,5-0,5 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Foto: O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati

Nodirbek Abdusattorov (2560) birinchi doskada qora donalarda Viktor Matvishenga (2476) hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Nodirbek Yoqubboyev (2549) ikkinchi doskada oq donalarda Valentin Baidetskiyni (2398) taslim etdi. Javohir Sindorov (2513) uchinchi doskada qoralarda Platon Galperin (2334) ustidan zafar quchdi. Shamsiddin Vohidov (2456) to‘rtinchi doskada oq donalarda Nadiya Shpankoni (2262) mag‘lubiyatga uchratdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 5-raundda Rossiya termasini taslim etgandi.

Mavzuga oid