Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev lavozimini tark etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Manbaga koʻra, uning oʻrnini prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev egallashi mumkin.
Qahramon Quronboyev Mahallalar uyushmasi raisligiga 2024-yil yanvar oyida saylangan va oʻsha vaqtda yangi tuzilgan uyushmaning ilk rahbari boʻlgandi. U muqaddam prezident maslahatchisi, Yoshlar ittifoqi raisi kabi lavozimlarda ishlagan.

Gʻofurjon Mirzayev qariyb 4 yildan buyon davlat rahbarining maslahatchisi sifatida ishlab keladi. U 2022-yil noyabrida Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilib, prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi etib tayinlangan, 2023-yil avgustidan boshlab lavozimi prezidentning kadrlar siyosati boʻyicha maslahatchisi deya oʻzgartirilgan.














