Joriy yilda 18 million AQSh dollari miqdorida tayyor mahsulot eksport qilishga erishgan, Qo‘rg‘ontepa va qo‘shni tumanlarda yashovchi 5500 nafar yoshni ish bilan ta’minlayotgan “Khantex Group” klasteri viloyatdagi yirik korxonalardan biridir.

Kunning birinchi yarmida 2018 yili tashkil etilgan “Khantex Group” paxta-to‘qimachilik korxonasida bo‘ldik.

“Khantex Group” MChJda paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib, to‘liq qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida 52 mln yevro miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilgan.

Korxonada yiliga 10,4 ming tonna paxta tolasi to‘liq qayta ishlanib, 9,4 ming tonna ip-kalava, 2,1 ming tonna trikotaj mato, 5 mln pogonometr arqoqli gazlamalar, 1 mln pogonometr maxralik mato, 1,2 ming tonna bo‘yalgan trikotaj mato, 1,1 ming tonna arqoqli va maxralik mato, 4,5 mln dona tayyor tikuv trikotaj mahsulotlar ishlab chiqariladi. Korxonada 2000 dan ziyod mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlangan. Korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 40 mln AQSh dollaridan ziyod mahsulotlar eksportga yo‘naltiriladi.

“Khantex Group” MChJ paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi fabrika 14 gektar maydonda joylashgan. Ishlab chiqarish dastgohlari Shveytsariyaning “Rieter” (yigiruv), Belgiyaning “Picanol” (to‘quv), Germaniyaning “Erbatech” (bo‘yoq-pardozlash) va “Textima” (tikuv v.b.) kompaniyalaridan sotib olingan bo‘lib, hozirda to‘liq quvvat bilan ishlamoqda.

Loyiha negizida Markaziy Osiyoda yagona bo‘yoqxona tashkil etilgan va ishlab chiqarishda xom mato va gazlamalar to‘xtovsiz ravishda bo‘yaladi. Bu esa turdosh korxonalarga nisbatan suvni 50 foizga, gazni 25 foizga, elektr energiyasini 10 foizgacha tejash imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, “Khantex Group” klasteri tomonidan 2020 yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 349,3 mlrd so‘mni tashkil etdi, shundan 5,6 mln dollarli mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Jamiyat 2021 yilda Turkiya, Italiya, Belarus va MDH davlatlari, jami 12 davlatga 18,5 mln dollarga teng kalava ip va tayyor trikotaj mahsulotlarini eksport qildi. 2022 yilda 25-30 million dollarli mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda.