Iqtisodiyot | 14:27 / 27.11.2023
24337
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yashil vodorod ishlab chiqariladi

Shavkat Mirziyoyev Chirchiqdagi ammiak zavodi negizida yiliga 3 ming tonna yashil vodorod ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish jarayoniga start berdi. Kelgusida respublikada 2,4 GW quvvatga ega shamol turbinalari o‘rnatilib, yiliga 500 ming tonna yashil vodoroddan yashil ammiak olish ko‘zda tutilmoqda. Ma’lum qilinishicha, bunday turdagi mineral o‘g‘itlarni jahon bozorida 15-20 foiz qimmatroq sotish mumkin.

Foto: ET EnergyWorld

“O‘zkimyosanoat” AJ Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda Chirchiq shahrida pilot tarzda yashil vodorod ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishdi. 27 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyov loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish jarayoniga start berdi.

Birinchi bosqichda yiliga 3 ming tonna vodorod ishlab chiqarish va uni mineral o‘g‘itlarga qayta ishlash, shuningdek, elektrolizerlar iste’molini qoplash uchun Buxoro viloyatida quvvati 52 MW bo‘lgan shamol turbinalarini o‘rnatish reja qilingan.

Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida esa, respublikada 2,4 GW quvvatga ega shamol turbinalari o‘rnatilib, yiliga 500 ming tonna yashil vodoroddan yashil ammiak ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, butun dunyoda yashil energetika orqali, ya’ni yashil vodorod asosida ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlarni 15-20 foiz qimmatroq sotish mumkin. O‘zbekistonda ham yashil, ya’ni ekologiya uchun xavfsiz energetikadan foydalanish mahalliy mahsulotlar narxini jahon bozorida qimmatlashtirishi va xaridorlarini ko‘paytirishi kutilmoqda.

Loyihada Xitoyning LONGi kompaniyasining texnologiyalari qo‘llanmoqda.

Loyiha ishga tushgach, o‘g‘it ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanish qisqaradi va har yili qariyb 33 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Mavzuga oid