So‘xlik blogerning hibsga olinishi: uning advokati va viloyat prokuraturasi izoh berdi
May oyida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar ortidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida bir nechta fuqaro hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, ular orasida bosh vazir bilan uchrashuvda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning iste'fosini so‘ragan bloger Dadaxon Haydarov (Haydarjon Bobohaydarov) ham bor.
Blogerning to‘satdan g‘oyib bo‘lib, buning ortidan otasi Gazeta.uz saytiga o‘g‘li 22 avgust kuni vertolyotda, boshiga qop kiydirilgan holda olib ketilganini aytgach, jamoatchilikda ko‘plab savollar paydo bo‘ldi.
Bosh prokuratura Haydarjon Bobohaydarovning hibsga olinganidan 8 kun o‘tib, bu haqda axborot berdi. Unda Bobohaydarov jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 226-moddasi tartibida ushlangani aytiladi.
Kun.uz muxbiri Farg‘ona shahrida bo‘lib, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i va blogerning advokati bilan suhbatlashdi.
Hibs muddati sud ajrimi bilan 10 sutkaga uzaytirilgan
Farg‘ona viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Alisher Boboxo‘jayev holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qildi.
«Shu yilning may oyida So‘x tumanining Chashma qishlog‘ida Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan. Ommaviy tartibsizliklarning oldini olish va aholini tinchlantirish maqsadida hodisa joyiga yetib borgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va hokimlik vakillariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan faol qarshilik ko‘rsatish holatlari sodir etilgan. Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan 2020 yil 1 iyun kuni jinoyat kodeksining 219-moddasi va 244-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida «Dadaxon» taxallusi bilan tanilgan Haydarjon Bobohaydarov ommaviy tartibsizliklar vaqtida faollik ko‘rsatib, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatishda ishtirok etganlik holatlari bo‘lgani sababli ushbu fuqaro jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Ushlab turish muddati jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining ajrimi bilan JPKning 226-moddasi tartibida 10 sutkaga uzaytirilgan. Hozirda Haydarjon Bobohaydarovga ayb e'lon qilish bilan bog‘liq holatlar tekshirilmoqda. Ushbu masala tergov harakatlari davomida hal qilinadi», – dedi Alisher Boboxo‘jayev.
U gumonlanuvchining IIB xodimlari tomonidan boshiga qop kiydirib olib kelinganini rad etdi. Shuningdek, uning salomatligidan shikoyat kelib tushmaganini bildirdi.
«Bobohaydarov Haydarjon Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. Hibsxonada kuzatuv kameralari o‘rnatilgan», – dedi prokuratura rasmiysi.
Advokat izohi
Haydarjon Bobohaydarovning advokati Hamidaxon Abdunazarovaning so‘zlariga ko‘ra, himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan to‘plangan dalillar yetarli emas va hozircha unga taqdim etilmagan.
Advokat blogerning yaqinlari bilan himoyaga oid shartnoma imzolagach, 29 avgust kuni viloyat IIB huzuridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida bo‘lib, u bilan suhbatlashgan. Abdunazarova shu suhbatda olgan ma'lumotlari asosida, jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb etish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmasligi, Bobohaydarov hozircha ishda faqat gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etayotgani, uning hibsga olinishi bilan bog‘liq protsessual tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlarda unga nisbatan biror-bir qonun buzilishi holati yuz berganini aniqlamaganini aytmoqda.
Shuningdek, advokat blogerning hibsga olinishiga uning So‘x voqealari vaqtida Bosh vazirga viloyat hokimini lavozimidan olish haqida taklif kiritganining aloqasi yo‘qligini, himoyasi ostidagi shaxs boshiga qop kiydirib olib ketilgani haqida hech narsa demaganini bildirdi.
X.Abdunazarovaning qo‘shimcha qilishicha, himoyasi ostidagi shaxs biror tazyiq yoki tan jarohati yetkazishga oid holatlardan shikoyat qilmagan bo‘lsa-da, hibsxonadagi yotoq sharoitidan noligan: unga yotishi uchun matras berilmagan. Hibsxona ma'muriyati esa buni ichki tartibga muvofiq ikki qavatli yotoqning ikkinchi qavatida yotadiganlarga matras berilmasligi, ularning sog‘ligini saqlash uchun shunday yo‘l tutilishi bilan izohlagan.
Prokuratura haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida jinoyat ishining boshqa tafsilotlari oshkor qilinmasligini aytmoqda. Kun.uz voqeaga aloqador keyingi tafsilotlarni ham berib boradi.
Mavzuga oid
15:48 / 06.10.2024
“Yiliga 300-400 mln so‘m daromad olaman” – asalari boqib tirikchilik qilayotgan so‘xlik Asalbek aka
20:32 / 26.02.2024
«Bu yerga kelib, ham uy-joyli, ham avtomashinali bo‘ldim» - So‘xga borib ishlayotgan shifokor
13:03 / 23.01.2024
“Badbo‘y hididan nafas olyapmiz” – So‘xda kanalizatsiya suvi ariqqa oqmoqda
11:15 / 25.10.2023