Ikki tomonlama muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini tantanali ravishda ochdi.

«O‘zbek va qozoq oliygohlari filiallarining o‘zaro ochilishi ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanayotganidan yana bir dalolat bo‘ldi.

Mazkur ta’lim muassasalarida talab yuqori bo‘lgan texnik yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari «Sian - Xorg‘os - Olmaota - Sariyog‘och - Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ham ishtirok etdilar.

Yuk poyezdi Sian shahridagi Qozog‘iston-Xitoy terminalidan «Xorg‘os» quruqlik portiga yo‘l oldi. U yerda konteynerlar qayta ortildi va Qozog‘iston temir yo‘llari bo‘ylab «Sariyog‘och» stansiyasi orqali so‘nggi manzilga – «Toshkent» stansiyasiga jo‘natildi.

Ushbu yo‘nalish yuk tashish vaqtini qisqartirib, savdo hajmini oshirishga kuchli turtki beradi.

Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qo‘shma bayonot hamda Oliy davlatlararo kengashning 2024-2034 yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini tasdiqlash va Tashqi ishlar vazirlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarini imzoladi.

Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini qamrab olgan hujjatlar to‘plami qabul qilindi. Bular, jumladan:

  • Davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim;