18:33 / 29.12.2022
20099

Andijoncha tajriba, vazifadan tashqari ish uchun jinoiy javobgarlik, prezident bilan uchrashuv - 2022 yilda o‘qituvchilar hayotida nimalar ro‘y berdi?

Yakunlanayotgan 2022 yil turli sohalar qatori ta’limda ham yangiliklar, munozarali holatlar va muhokamalarga boy bo‘ldi. Bular - Andijonda o‘qituvchilardan uzr so‘ratish voqeasi, o‘qituvchi-o‘quvchi ziddiyatlari, attestatsiya jarayonlari, prezident murojaatnomasi va prezidentning o‘qituvchilar bilan uchrashuvi kabilar. O‘qituvchilar hayotida ro‘y bergan asosiy voqealarni jamladik.

Foto: KUN.UZ

1000 dollar maosh to‘g‘risida farmon

Yil boshida «2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi. Unda 2026 yilgacha malakali o‘qituvchi va shifokorlarning oylik maoshi bosqichma-bosqich 1000 dollar ekvivalentiga yetkazilishi belgilangan.

Andijoncha tajriba

Yil boshining eng ko‘p muhokama qilingan voqeasi — «Andijoncha tajriba» ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak.

Fevral oyida Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasasida ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib uzr so‘rashgandi.

Holat ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan, jamoatchilik faollari o‘qituvchilar bilan sodir bo‘lgan holatga munosabat bildirishgandi.

Shundan so‘ng Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari, tuman XTB mudiri va maktab direktori ishdan olingan, tuman hokimiga esa hayfsan berilgandi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham uzrbozlikka munosabat bildirib, Andijonda hech bir ustoz bunday holatga tushishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirgandi.

O‘qituvchi o‘quvchini jazolashi mumkinmi?

Keyingi asosiy turkum mavzular o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlari bilan bog‘liq. Birinchi holatda o‘qituvchi o‘quvchini jazolagan yoki unga qo‘l ko‘targan, ikkinchi holatda esa o‘quvchi yoki uning yaqinlari o‘qituvchini kaltaklagan. Zamonaviy pedagogikada o‘qituvchi o‘quvchiga qo‘l ko‘tarishi mumkin emasligi va kaltaksiz bolaga ta’lim berish to‘g‘ri ekaniga odamlar aynan shunday holatlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, rasmiy munosabatlar bildirilgach ko‘nika boshladi. Lekin o‘quvchini jazolab o‘qitish mumkin, deb hisoblovchilar hali ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Masalan, fevral oyida Namanganda dars qilib kelmagan 1-sinf o‘quvchilarini doskaga chiqarib «uyat, uyat» deb izza qilgani uchun o‘qituvchi ishdan olinishgacha borgan, so‘ng ota-onalar o‘qituvchi tajribali ekanini aytib iltimos qilishgach, mehnat shartnomasi bekor qilinmaydigan bo‘lgandi.

Holatdan olingan xulosa shunday bo‘lgandi: dars qilmay keladigan, maktab ichki tartib-qoidalarini buzadigan o‘quvchilarni jazolash mumkin emas. Biroq uning holatini bolaning ota-onasi ishtirokida muhokama qilishi mumkin. Agar o‘quvchi o‘zgarmasa, u maktabning ichki ro‘yxatiga kiritiladi.

Bundan tashqari, bir necha holatda o‘quvchini kaltaklagan pedagoglarga qonuniy choralar ko‘rildi.  

O‘quvchi ustoziga qo‘l ko‘tardi

Afsuski, yil davomida o‘qituvchiga qo‘l ko‘tarish holatlari ham yetarlicha bo‘ldi. Namangan va Ulug‘nordagi holatlar bunga misol. Yaqinda esa Marg‘ilon shahrida o‘quvchining yaqinlari o‘qituvchini kaltaklagan holat bo‘ldi.

Hozir vaziyat huquq-tartibot organlari tomonidan o‘rganilyapti. Ha, o‘qituvchi bo‘lib ishlash oson emas.

Attestatsiya mashmashalari

O‘qituvchilar uchun eng qiziq mavzulardan biri attestatsiya jarayonlari bo‘lmoqda. Sababi hozir o‘qituvchilar (1 BHM = 300 ming so‘m) to‘lov qilgan holda yilda ikki marta navbatdan tashqari ham attestatsiyaga borishlari va toifalarini oshirib shunga yarasha ko‘proq maosh olishlari mumkin.

Test ko‘rinishida o‘tkazilayotgan attestatsiyada o‘qituvchilar savollar sifati, imtihon sharoitlari kabilarga e’tirozlar bildirib turishdi. Bahordagi attestatsiyada rus tili o‘qituvchilarining e’tirozlari, ayniqsa, ko‘proq bo‘ldi.

Darvoqe, o‘qituvchilar shu yildan boshlab attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikatini elektron tarzda yuklab oladigan bo‘ldi.

1 oktyabr boshqacha nishonlandi

1 oktyabr — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni bu yil odatdagidan o‘zgacharoq nishonlandi. Bir guruh faol o‘qituvchi va murabbiylar Samarqand shahridagi tantanaga taklif etilib, ular besh yulduzli mehmonxonalarga joylashtirildi.

Bu o‘qituvchilar tomonidan ijobiy kutib olindi.

Vazifadan tashqari ishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik

Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga oid muhim yangilikni e’lon qildi.

«O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti», dedi Mirziyoyeva.

Agar bu qonun qabul qilinib, amalda ishlasa, o‘qituvchilar obro‘si oshishiga yordam berishi, ularni ortiqcha turli yumushlardan qutqarishi mumkin.

Ta’lim murojaatnomaning asosiy mavzusi bo‘ldi

Eng oxirgi va asosiy o‘qituvchilar bilan bog‘liq voqea — Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi bo‘ldi. Bu yilgi murojaatnomada asosiy urg‘u ta’limga qaratildi va 2023 yil — «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim» yili deb e’lon qilindi.

Murojaatnomada prezident o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligini qayd etdi.

Prezident bilan uchrashuv

29 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev bir guruh o‘qituvchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda davlat rahbari ta’lim sifatini oshirish, maktab o‘quvchilarining sifatli bilim olishlari uchun o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashi kerakligi, sharoitga qarab ularning maoshi oshirilib borilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Kelgusi yili ta’limga oid ham ko‘plab qaror, farmonlar chiqadi. Shuningdek, maktab o‘qituvchilari uchun ipoteka kreditlarini kamaytirsak bu ham yaxshi bo‘ladi. Bugun men ko‘p savollarga javob oldim”, dedi prezident.

Bundan tashqari, prezident tuman va viloyat XTBlarini tugatishni o‘ylayotganini bildirdi.

Ma’lumot uchun: 2021/2022 o‘quv yili holatiga ko‘ra, maktablarda dars berayotgan o‘qituvchilar soni yarim milliondan ko‘proq. Ularning 90,1 foizi oliy ma’lumotli. Bir o‘qituvchiga 12 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi.

Top