O‘zbekiston | 10:16 / 05.01.2019
84070
25 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 2 yil ichida kimlar vazir bo‘ldi?

2018 yilda juda ko‘p yangi tayinlov bo‘ldi. Shu bilan birga vazirlik rahbarlari ham ko‘p o‘zgardi. Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida faqat Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov vazir sifatida o‘z lavozimini saqlab turibdi​. U 2012 yildan buyon O‘zbekiston tashqi siyosiy mahkamasi rahbari sifatida faoliyat yuritadi. So‘nggi ikki yilda, barcha vazirlik rahbarlari almashdi, boshqa lavozimga o‘tkazildi yo ishdan bo‘shatildi.

O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda jami 21ta vazirlik mavjud. Oxirgi 2 yil ichida vazirliklar soni 6taga ko‘paydi, jumladan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi shular sirasidan. 

Xalq ta'limi vaziri - 2018 yil iyundan buyon Sherzod Shermatov

Sherzod Shermatov

2013 yil fevralidan 2018 yil 20 iyuniga qadar Xalq ta'limi vaziri bo‘lgan Ulug‘bek Inoyatov Samarqanddagi tadbirda ishtirok etayotgan vaqtida ishdan bo‘shatildi va uning o‘rniga Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov yangi vazir etib tayinlandi. Ushbu tayinlov yilning eng yorqin lavozimiy o‘zgarishlaridan biri bo‘ldi. Davlat rahbarining ta'rifiga ko‘ra, Inoyatov «eski odam». Shuningdek, u prezident bilan 1,5 yil ishlab, birorta taklif bermagani tanqid qilingan.

«Tizimda korrupsiya, maktablarda korrupsiya bo‘lib ketgan. Toshkent shahridagi ahvolga maymunlar yig‘laydi», - deb Xalq ta'limining o‘sha paytdagi ahvolini izohlagan Mirziyoyev.

Shundan keyin Ulug‘bek Inoyatov Namangan davlat universiteti rektori bo‘lgani ma'lum bo‘ldi.

Ulug‘bek Inoyatov

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri - 2018 yil avgustdan buyon Shuhrat Sodiqov

Shuhrat Sodiqov
Foto: infocom.uz

2016 yil noyabridan 2017 yil fevraligacha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan, ayni paytda Xalq ta'limi vaziri bo‘lgan Sherzod Shermatov 2017 yilning 2 fevralida MTRKga yangi rais bo‘lib o‘tgan Xurshid Mirzohidovning o‘rniga vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Oradan bir yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga Azim Ahmedxo‘jayev rahbar etib tayinlandi.

Axmedxo‘jayev shu kungacha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi edi. U o‘z lavozimini Bosh vazir o‘rinbosari Suxrob Xolmurodovga topshirib vazirlikka o‘tdi. Shermatov esa Xalq ta'limi vazirligiga kelgunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi. Ammo, Shavkat Mirziyoyev ATKR vazirining faoliyatidan ham qoniqish his etmadi. 2018 yil fevralda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlangan Azim Axmedxo‘jayev avgust oyi boshida lavozimdan olindi

Azim Ahmedxo‘jayev

«Yil boshida ushbu muhim sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ko‘plab vazifalar ijrosi to‘liq ta'minlanmadi. Tarmoqqa investitsiya jalb etish, xizmatlar va tayyor dasturiy mahsulotlarni eksport qilish ahvoli bizni umuman qoniqtirmaydi. Shuning uchun vazirlikning rahbariyatini o‘zgartirishga majbur bo‘ldik», - deydi prezident.

Uning o‘rnida «O‘zbektelekom» kompaniyasining sobiq direktori, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi rahbari sifatida faoliyat yuritgan Shuhrat Sodiqov ish boshladi. Axmedxo‘jayev esa Sodiqov ishlagan agentlikda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga mas'ul etib tayinlandi.

Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari - 2018 yil fevraldan mos ravishda Bahodir Yusupov va Shavkat Hamroyev

Bahodir Yusupov
Foto: Xalqaro press-klub
Shavkat Hamroyev
Foto: CAREC

2018 yil fevralda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ikki mustaqil idoraga ajratildi. Tez orada ikkiga ajratilgan Qishloq xo‘jaligi hamda Suv xo‘jaligi vazirliklariga rahbarlar ham tayinlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fermerlari Kengashi raisi lavozimida ishlagan Bahodir Yusupov Qishloq xo‘jaligi vaziri, avvalgi vazirlikda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘lgan Shavkat Hamroyev esa Suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi.

2016 yilning kuzidan buyon shu kungacha Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri sifatida ishlagan Zoyir Mirzayev vazirlik strukturasi qayta ko‘rib chiqilgach, Bosh vazir o‘rinbosari sifatida bir muddat lavozimini saqlab turdi. Keyin, u ham Oqqo‘rg‘onda yuz bergan hodisalar mashmashasi tufayli ishdan bo‘shatildi

Zoyir Mirzayev

Qurilish vaziri - 2018 yil apreldan buyon Abduqahhor To‘xtayev

Abduqahhor To‘xtayev
Foto: olmazor.toshkent.uz

Olmazor tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev 2018 yil aprelda yangi tashkil etilgan Qurilish vazirligiga rahbar etib tayinlandi. 2005—2011 yillarda Toshkent hokimi bo‘lgan Abduqahhor To‘xtayev 2013—2016 yillarda «O‘zLITIneftgaz» kompaniyasi rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 2016 yil kuzida Shavkat Mirziyoyev uni Jizzax shahri hokimi etib tayinlagandi, 2017 yil aprelida esa Abduqahhor To‘xtayev Toshkentning Olmazor tumaniga hokim etib tayinlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri - 2018 yil iyuldan buyon Dilmurod Nabiyev

Dilmurod Nabiyev

2017 yil iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dilmurod Nabiyev bir yildan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga rahbar etib tayinlandi. Yil davomida nafaqat vazirlik rahbariyatida, balki strukturaviy o‘zgarish ham kuzatilgan. Masalan, 2018 shu yilning fevralida Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov lavozimni tark etib, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining sobiq rektori, O‘FFning sobiq vitse-prezidenti Shoakram Isroilov uning o‘rnini egallagandi.

Shoakram Isroilov

Mart oyi boshida qo‘mita negizida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi va unga Isroilov vazirlikning birinchi rahbari bo‘lgandi. Nabiyev esa aynan Isroilovning o‘rnini egalladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri - 2018 yil apreldan buyon Sherzod Kudbiyev

Sherzod Kudbiyev

Faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan, 2007-2010 yillarda O‘zbekiston Mehnat vazirligi tuzilmalarida mutaxassis, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlagan Sherzod Kudbiyev, avval, 2016 yil sentyabrda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga hokim etib tayinlangandi. Kudbiyev 2018 yilning aprel oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining yangi vaziri etib tayinlandi.

Unga qadar vazirlikka rahbar bo‘lgan Aktam Hayitov esa O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi lavozimiga saylangan. Hayitov O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi («O‘zstandart») bosh direktori lavozimida 6 oy faoliyat yuritib, so‘ngra Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘tkazilgandi. O‘sha paytgacha vazirlikni hozirda Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Aziz Abduhakimov boshqargan.

2018 yilda boshqa vazirlik rahbarlari o‘zgarmadi

Lavozimini eng uzoq payt saqlab qolayotgan vazir - Abdulaziz Komilov

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev deyarli barcha vazirlik rahbarini o‘zgartirdi, ammo Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2012 yildan buyon belgilangan vazifasini uddalab kelmoqda. 1994 yili ham Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Komilov keyinroq, O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi, 2010 yildan Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. U 1992-1994 yillarda MXX raisi o‘rinbosari sifatida ishlagan, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori ham bo‘lgan.

2017 yilda vazirliklarda yuz bergan lavozimiy o‘zgarishlar

Sog‘liqni saqlash vaziri - 2017 yil fevraldan Alisher Shodmonov

Alisher Shodmonov

2017 yil fevralda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari etib Alisher Shodmonov tayinlangandi. U 2 oy muqaddam, 2016 yilning 13 dekabrida shu lavozimga tayinlangan Adham Ikromov o‘rnini egallagan. Shu vaqtga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi («Adolat» partiyasi vakili) sifatida faoliyat yuritgan Shodmonov deputatlikka qadar Andijon tibbiyot instituti rektori bo‘lgan.

Xalq qabulxonalari va Prezidentning Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko‘plab ariza va shikoyatlardan ko‘rinadiki, o‘sha paytda Sog‘liq saqlash vazirligi belgilangan vazifalarni ijro etish, tibbiyot sohasidagi vaziyatni o‘zgartirish ishlariga talab darajasida qaramagan. Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari - Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida ishlagan Adham Ikromov O‘zbekiston Prezidentining tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari hamda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori etib tayinlandi. U 2009−2012 yillarda ham sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagandi. Eng so‘nggi manzilda esa Ikromov Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimini egalladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri - 2017 yil iyundan Inom Majidov

Inom Majidov

Oliy ta'lim muassasalari bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2016 yil sentyabrdan oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Inom Majidov 2017 yil iyundan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri etib tayinlandi

Sobiq vazir Rustam Sobirovich Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari – Tashkiliy-kadr xizmati rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimida ishlagan Adham Ikromov o‘rnini egalladi. Keyinroq, Qosimov Rustam Komilov o‘rniga Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgan, u shuningdek Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimini saqlab qoldi.

Rustam Qosimov 2004 yil mayidan 2008 yilgacha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri bo‘lgan, 2004 yil oktyabridan bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2009-2011 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga rektorlik qilgan Qosimov faoliyatida bir muddat tanaffus yuzaga keldi. U 2016 yilning sentyabrida yana O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziriga o‘rinbosar bo‘lgan, Alisher Vahobov o‘rniga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri lavozimiga tayinlangandi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri - 2017 yil iyuldan Muzaffar Soliyev

Muzaffar Soliyev

Mudofaa vazirining shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Muzaffar Soliyev 2017 yil tashkil etilgan vazirlikning ikkinchi rahbari bo‘ldi. 4 iyul kuni Prezident tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan «jiddiy kamchiliklar» to‘g‘risida so‘z borgan edi. Shundan so‘ng, 2018 yilning iyulida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining birinchi vaziri Erkin Iskandarov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosarligiga o‘tkazilishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Iskandarov 2018 yilning mayidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Madaniyat vaziri - 2017 yil avgustdan Baxtiyor Sayfullayev

Baxtiyor Sayfullayev
Foto: uzbekkoncert.uz

Ikki yil avval, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti rektori Baxtiyor Sayfullayevni O‘zbekiston Madaniyat vaziri etib tayinlagandi. 2017 yilning fevralidan buyon Madaniyat vazirligiga rahbarlik qilib kelgan Mahmud Muratov esa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga direktor etib tayinlangani ma'lum bo‘lgandi. Yangi vazirga Ozodbek Nazarbekov, Minhojiddin Hojimatov o‘rnida o‘rinbosar bo‘ldi.

Sayfullayev institut rektori etib tayinlangunga qadar — 2005 yildan — Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari edi. Prezident qaroriga ko‘ra, Madaniyat vaziri bir vaqtning o‘zida Davlat konservatoriyasi rektori ham hisoblanadi.

Adliya vaziri - 2017 yil avgustdan Ruslanbek Davletov

Ruslanbek Davletov

Adliya vazirligiga 2017 yil avgustdan buyon Ruslanbek Davletov rahbarlik qilib kelmoqda. U bu lavozimda 2015 yil boshidan buyon ishlab kelgan Muzraf Ikromov o‘rnini egalladi. Ikromov esa O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga rahbar bo‘lgan.

To‘rtta oliy ta'lim muassasasini tamomlagan Davletov 2017 yil yanvarida O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Undan avval, 2016 sentyabrdan Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari edi.

Mudofaa vaziri - 2017 yil sentyabrdan Abdusalom Azizov

2006-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari - Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, 2008 yil 17 avgustda Islom Karimov tomonidan mudofaa vaziri etib tayinlangan Qobul Berdiyev o‘rnini 2017 yil sentyabrdan Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Abdusalom Azizov egalladi. Qobul Berdiyev endi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasiga rahbarlik qilishi aytilgandi.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 10 yanvar kuni prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida nutq so‘zlab, Qobul Berdiyevni qattiq tanqid ostiga oldi va u Qurolli kuchlar akademiyasi rahbarligidan bo‘shatilganini ma'lum qildi. Uning yangi ish joyi O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi institutida bo‘ldi.

Jizzax viloyati IIB boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Azizov Abdusalom Ichki ishlar vazirligidan ketib, ayni paytda Mudofaa vaziri sifatida muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.

Ichki ishlar vaziri - 2017 yil sentyabrdan Po‘lat Bobojonov

Po‘lat Bobojonov

2013 yilning dekabrida O‘zbekiston IIV rahbarligida Bahodir Matlubovning o‘rnini egallagan Adhamjon Ahmadboyev 2017 yil yanvarda prezidentning huquq-tartibot organlari bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida ish boshlagandi. Biroq, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolariga Murojaatnomasi vaqtida sobiq Ichki ishlar vaziri Ahmadjon Ahmedboyevni xiyonatda aybladi.

«Ahmedbayevning hamma generallari qayerda yurganini bilamizmi? Uni xiyonat qilgani uchun olib tashladim», - dedi prezident.

Shunday qilib, 2017 yildan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2006-2008 yillarda «O‘zneftmahsulot» bosh direktori, 2008-2009 yillarda Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, 2009-2016 yillarda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Abdusalom Azizovga ishonib topshirildi.

2017 yil sentabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, shu vaqtgacha Xorazm viloyatiga hokimlik qilib kelgan Po‘lat Bobojonov Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. Shu kundan boshlab, Ichki ishlar vaziri sifatida ishlagan Abdusalom Azizov Mudofaa vazirligiga o‘tkazildi. Bobojonov 2000—2005 yillarda esa O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari, 2005—2006 yillarda Bosh prokuraturaning Soliq va valuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i bo‘lgan. U 2011 yilgacha Jizzax viloyatida prokuror sifatida ishlagan. Shuningdek, Buxoro viloyati prokurori ham bo‘lgan Bobojonov Xorazm viloyati hokimi edi.

Maktabgacha ta'lim vaziri - 2017 yil oktyabrdan Agrippina Shin

Agrippina Shin

Yangi vazirlik Prezidentning 30 sentyabrdagi «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etildi. Uning birinchi vaziri etib, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, senator Agrippina Shin tayinlandi.

2016 yil fevral oyi o‘rtalarida valuta jinoyatlarida ayblanib hibsga olinib, 2017 yil aprel oyida ozodlikka chiqarilgan «Asaka» banki boshqaruvi sobiq raisi Qahramon Aripov, Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Sobitxon Turg‘unov hamda Gulchehra Yo‘ldosheva vazir o‘rinbosarlari esa etib tayinlangandi. Jo‘rayevaning boshqa ishga o‘tkazilgani munosabati bilan Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta'limi tizimida xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti rektori bo‘lgan, 2017 yildan 2018 yilning 6 martigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida faoliyat olib borgan Maqsudjon Yo‘ldoshev vazir o‘rinbosari bo‘ldi.

Aripov ham keyinchalik boshqa ishga o‘tkazildi. U 2018 yil mayga qadar, Toshkent shahri hokimiga o‘rinbosar sifatida faoliyat yuritdi.

Iqtisodiyot vaziri - 2017 yil noyabrdan Botir Xo‘jayev

Botir Xo‘jayev
Foto: Xalqaro press-klub

2011 yil iyulgacha Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligini boshqargan Galina Saidova Iqtisodiyot vaziri sifatida ishlab kelgan Ravshan G‘ulomov bilan o‘rin almashib, Iqtisodiyot vaziri bo‘lgandi. 2017 yil noyabr oyida uning lavozimiga Moliya vaziri Botir Xo‘jayev kirishdi.

Xo‘jayev 2006—2009 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri sifatida ishlagan. 2005–2006 yillarda O‘zbekiston Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, 2009—2011 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi, 2011 yil noyabrda Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U 2016 yil dekabrda Rustam Azimov o‘rniga Moliya vazirligiga rahbar etib o‘tkazilgandi.

Iqtisodiyot vaziri lavozimidan ketgan Galina Saidova esa prezident devoniga o‘tib, davlat maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U ayni paytda Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda.

Moliya vaziri - 2017 yil noyabrdan Jamshid Qo‘chqorov

Jamshid Qo‘chqorov

U 1998-2000 yillarda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri bo‘lgan Rustam Azimov lavozimidan chetlashtirilib, o‘rniga Botir Xo‘jayev tayinlangach, sobiq vazir hukumatdagi o‘rnini saqlab qolayotgandi. 6 oy o‘tishi bilan, Bosh vazir o‘rinbosari, Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksi rahbari Rustam Azimov lavozimni tark etdi. Uning o‘rnini Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov egalladi.

2000-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Makroiqtisodiyot va statistika vaziri bo‘lib ishlagan Azimov 2003-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, 2005-2008 yillarda ham O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri bo‘lgandi.

Botir Xo‘jayev Iqtisodiyot vazirligiga o‘tkazilgach, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov hukumatdagi lavozimini saqlab qolgan holda, Moliya vaziri etib tayinlandi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari, 2005 yildan Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, ayni paytda Jamshid Qo‘chqorov Moliya vaziri sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Tashqi savdo vaziri - 2017 yil noyabrdan Jamshid Xo‘jayev

Jamshid Xo‘jayev
Foto: Xalqaro press-klub

2012 yil yanvaridan buyon Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi rahbari sifatida faoliyat yuritgan Elyor G‘aniyev o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Jamshid Xo‘jayev 2017 yil noyabrda vazirlikka rahbar etib tayinlandi.

Elyor G‘aniyev 1997-2002 yillarda Tashqi Iqtisodiy aloqalar vaziri, 2002-2005 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi (bosh vazir o‘rinbosari), 2005-2006 yillarda Tashqi ishlar vaziri (bosh vazir o‘rinbosari), 2006-2010 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri bo‘lib ishlagan. U 2010-2012 yillarda yana Tashqi ishlar vaziri (O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari) ham bo‘lib, lavozimini Abdulaziz Komilovga topshirgandi. Ayni paytda G‘aniyev Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda. G‘aniyevga qadar, Iqtisodiyot vazirligiga o‘tib ketgan Galina Saidova, keyinroq, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi rahbarligiga ketgan Ravshan G‘ulomov vazirlikni boshqargan.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Tashqi savdo vazirligi sifati qayta tashkil etildi. Yangi vazirlik rahbari Jamshid Xo‘jayev 14 yil Markaziy bank tizimida, shuningdek, «Milliy» tashqi iqtisodiy faoliyat bankida ishlagan. 

Innovatsion rivojlanish vaziri - 2017 yil 29 noyabrdan Ibrohim Abdurahmonov

Ibrohim Abdurahmonov

2017 yilda O‘zbekistonda yangi vazirlik - Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Uning ilk vaziri etib O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan Ibrohim Abdurahmonov tayinlandi. Vazirlik jamoasi kuchli mutaxassislardan tashkil topgan. Masalan, 26 yoshli boshqarma boshlig‘i Olimjon To‘ychiyev robototexnika yo‘nalishida salmoqli ishlarni amalga oshirgan yosh kadr bo‘lsa, materialshunoslik va innovatsiyalarni boshqarish sohasida mutaxassis sanalgan «Buyuk kelajak» a'zosi Yo‘lbarsxon Mansurov vazirning boshqa o‘rinbosari sanaladi.

Germaniyadagi energetik soha, xususan, energiya manbalarining yangi turlari bilan shug‘ullanuvchi ilmiy muassasalarni muvofiqlashtirish, mazkur sohadagi klasterlar ustidan nazorat borasida tajribaga ega Germaniya fuqarosi Karsten Xaynsni Innovatsion rivojlanish vazirining yuqori martabali maslahatchisi hisoblanadi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sherzod Shermatov ayni paytda Xalq ta'limi vaziri, boshqa o‘rinbosar Otabek Nazirov esa Shermatov jamoasiga o‘tkazilgan.

Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimi hozircha vakant bo‘lib turibdi.

Bu yerda vazir yo‘q, hozircha. 2017 yil mart oyida Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyatini olib borgan Jo‘rayev Rustam Mirzayevich O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimi o‘tkazilgandi. Avvalgi vazir Tursunxon Xudaybergenov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni tuzilmasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ustidan nazorat o‘rnatish va uni muvofiqlashtirish xizmatiga rahbar etib tayinlangandi.

Keyinroq, Jo‘rayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U 2015 yilda – Namangan viloyati IIB boshlig‘i ham bo‘lgandi. O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari polkovnik Komiljon Mirsaidovich Aripov ham 2018 yil aprelda lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga 2005−2007 yillarda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti boshlig‘i bo‘lgan Abdulla Qo‘ldoshev tayinlandi.

Ayni chog‘da vazir vazifalari Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov zimmasiga yuklatilgan. U 2010-2016 yillarda aynan shu vazirlikni boshqargan. Unga qadar, 2006-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida sobiq Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev ishlagan.

Mavzuga oid